82 mln dollarlik mojaro: Vengriya ukrainalik bank xodimlarini qo‘lga oldi
Olam
−
06 mart 5716 2 daqiqa
Vengriya hukumati 82 million dollarga yaqin naqd pul va oltin olib ketilayotgan ikki zirhli avtomobilni to‘xtatib, yetti nafar Ukraina fuqarosini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Budapesht ularni pul yuvishda gumon qilmoqda. Voqea Vengriya va Ukraina o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatni yanada kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Vengriya Soliq va bojxona boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 5 mart kuni maxsus antiterror bo‘linmalari operatsiya o‘tkazib, Avstriyadan Ukrainaga yo‘l olgan ikki bank inkassatsiya avtomobilini to‘xtatgan. Transportda jami 40 million dollar, 35 million yevro va 9 kilogramm oltin bo‘lgan.
Tarqatilgan videolarda qurollangan maxsus kuchlar avtomobillarni yoqilg‘i shoxobchasida to‘xtatib, ichidagi odamlarni qo‘lga olayotgani aks etgan. Ular orasida Ukraina maxsus xizmatlarining sobiq generali ham borligi aytilmoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa bu harakatni keskin qoralagan. U qo‘lga olinganlar davlat banki — “Oadbank” xodimlari ekanini bildirib, Budapeshtni “odamlarni garovga olish va pulni tortib olish”da ayblagan. Sibiga bu holatni “davlat terrorizmi va reket” deb atab, Yevropa Ittifoqini Vengriya harakatlariga huquqiy baho berishga chaqirgan.
Advokat va Ukraina elchixonasi vakillari ham ular bilan uchrasha olmagan. Shu munosabat bilan Kiyev o‘z fuqarolariga Vengriyaga safar qilishdan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilgan.
Bu mojaro ikki davlat o‘rtasidagi energiya bahsi fonida yuzaga kelmoqda. Vengriya va Slovakiya Ukraina “Drujba” neft quvuri orqali neft yetkazib berishni ataylab kechiktirayotganini iddao qilmoqda. Kiyev esa infratuzilma Rossiya droni hujumida zarar ko‘rgani sabab ta’mir ishlari vaqt talab qilayotganini bildirmoqda.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bu masalada Kiyevni shantajda ayblab, neft yetkazib berish qayta tiklanmaguncha barcha imkoniyatlardan foydalanishini aytgan. Shu bilan birga, u Ukrainaga ajratilishi kerak bo‘lgan Yevropa Ittifoqi mablag‘larini ham bloklab kelmoqda.
Ukraina tomoni esa bank xodimlari odatiy inkassatsiya operatsiyasini bajarayotganini ta’kidlab, urush boshlanganidan beri valyuta va bank metallari asosan quruqlik orqali tashilayotganini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq agar Kiyev Slovakiyaga neft tranzitini tiklamasa, mamlakat favqulodda elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligi aytilgan edi.