“Ahvol nihoyatda achinarli”. Saida Mirziyoyeva Buxorodagi bog‘cha va poliklinikani ko‘zdan kechirdi
Jamiyat
−
15 may 85419 2 daqiqa
Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxorodagi nurab yotgan bog‘cha va poliklinikalarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, abgor ahvolga kelib qolgan ushbu muassasalarni zudlik bilan ta’mirlash kerak.

“Hududlarga safarlarimiz – Prezident topshiriqlari ijrosining qat’iy nazorati va joylardagi har bir muammoga qaratilgan e’tibordir. Biz Buxoroda ko‘zdan kechirgan bog‘cha va poliklinikalarning ahvoli nihoyatda achinarli, ularni zudlik bilan ta’mirlash talab etiladi. Bu bolalarimizning kelajagi uchun zarur”, degan Administratsiya rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bolalar bog‘chasi hamda poliklinikaning qurilganiga salkam yarim asr bo‘lgan va ular hozirda hech qanday standartlarga javob bermaydi.

“1977 yilda ochilgan 21-sonli bolalar bog‘chasi qaytadan quriladi, 46 ming nafar odamga xizmat ko‘rsatadigan 9-sonli poliklinika uchun esa yangi bino barpo etiladi. Hozirda mazkur muassasa 1972 yilda qurilgan, tibbiy standartlarga javob bermaydigan binoda – kam ta’minlangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan yotoqxonada joylashgan. Ushbu bino ham to‘liq ta’mirlanadi va u yerda yashovchilarning sharoitlari yaxshilanadi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ikki yil ichida viloyatning chekka tumanlarida joylashgan yana 36 ta poliklinikani rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxorodagi Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumida qatnashib, Prezident murojaatini o‘qib eshittirgandi.
Live
BarchasiPutin Xitoyga yetib bordi
19 may