Afg‘onistonda 13 yoshli bola oilasining qotilini 80 ming kishi oldida qatl qildi
Olam
−
09:12 11415 2 daqiqa
Afg‘onistonda 13 yoshli bola o‘z oilasining qotilini ochiq stadionda qatl qildi. Bu “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan ruxsat berilgan qatl bo‘lib, uni taxminan 80 ming kishi tomosha qildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Afg‘onistonda yosh bola minglab odamlar ko‘z o‘ngida oilasining qotilini otib tashladi. 13 yoshli bolaga qotilni kechirish yoki stadionni to‘ldirgan olomon ko‘z o‘ngida o‘lim jazosini ijro etish o‘rtasida tanlov berilgan.
Internetda tarqalgan videolarda Xost markaziy stadionida minglab odamlar to‘plangani ko‘rinadi. “Tolibon” hukumati tomoshabinlarga kamerali telefon olib kirishni taqiqlagan. Rasmiylarning aytishicha, taxminan 80 ming kishi qatlga guvoh bo‘lgan.
Mahalliy OAVning yozishicha, qatl etilgan shaxs bolaning oilasidan 13 kishini rejalashtirib o‘ldirishda ayblangan. “Tolibon” sudi ish bir nechta sudlarda ko‘rib chiqilgani va qatl “Tolibon” yetakchisi Hibatulloh Oxundzoda tomonidan ma’qullangani haqida bayonot bergan.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu qatlni qoralab, “Tolibon” sud jarayonlari shaffof emasligi va adolat tamoyillari bajarilmaganini ta’kidlagan. BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennett jamoat oldidagi qatlni “qabul qilib bo‘lmaydigan va xalqaro huquqqa zid” deb atab, ularni darhol to‘xtatishga chaqirgan.
Bu voqea 2021 yilda “Tolibon” hokimiyatga qaytgandan beri Afg‘onistonda sodir etilgan o‘n birinchi ochiq qatl bo‘ldi. O‘tgan oy Badgis viloyatida homilador ayolini o‘ldirgan erkak stadionda jamoatchilik oldida qatl qilingan edi. O‘sha payt ham erkakka qurbonlardan birining qarindoshi tomonidan uch marta o‘q uzilgan va u ikki kishini o‘ldirishda aybdor deb topilgan.
“Tolibon” qatlni islomiy qonunlarga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi. Ammo qatl uchun uchta turli sudning ma’qullashi va yetakchi Oxundzodaning roziligi talab etiladi.
“Tolibon” hanuzgacha o‘g‘rilik, zino yoki spirtli ichimlik ichish kabi jinoyatlar uchun jamoat oldida qamchilash jazosini qo‘llab kelmoqda. Barcha o‘lim jazolari mamlakat yetakchisining tasdig‘iga bog‘liq.
Tolibonning 1996-2001 yillardagi birinchi hukmronligi davrida ham jamoat oldida qatl keng tarqalgan bo‘lib, asosan, jarayon sport stadionlarida amalga oshirilgan. Joriy yilning aprel oyida ham to‘rt erkak minglab odamlar ko‘z o‘ngida qatl qilingan edi.
Live
Barchasi