Afg‘onistondan qariyb 9 kg “opiy” olib kelganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Xorazm viloyatida Afg‘onistondan qariyb 9 kg “opiy” giyohvandlik vositasini olib kelib, sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Xususan, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda uning yonida 4 kg 407 gr “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 
 
Boshqa holatda esa “Beruniy-Urganch” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli  avtotransport vositasi Urganch tumanidagi “Cholish” YPX maskanida  to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtomashinada ketayotgan Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan, muqaddam narkojinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsga tegishli 4 kg 541 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Bildirilishicha, har ikki holatda ham qonunbuzarlar Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalarni Xorazm viloyatida mijozlarga sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi va 25,273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida 6,3 kg “marixuana”ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Xorazm opiy giyohvandlik vositasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing