Turshak shaklidagi 13 kg “geroin”ni chegaradan o‘tkazmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
17:33 1330 2 daqiqa
Afg‘onistondan Rossiya Federatsiyasiga 13 kg “geroin”ni o‘rik qoqilari ko‘rinishida tranzit yo‘li orqali Buxoro viloyatidagi chegara-bojxona postidan yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30 may kuni Afg‘onistondan Rossiyaga yo‘l olgan yuk avtomobili Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara-bojxona postida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan rentgen tasvirlarini tahlil qilish jarayonida yuk tarkibida shubhali holatlar aniqlangan.
Shundan so‘ng, tirkamada olib ketilayotgan 18,6 tonna qadoqlangan o‘rik qoqisi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida batafsil ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida 13 ta qog‘oz quti ichidagi mahsulotlar orasiga tashqi ko‘rinishi o‘rik qoqisiga o‘xshatib tayyorlangan va yashirilgan moddalar borligi aniqlangan.
Ekspert-kriminalistika xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalarning umumiy og‘irligi qariyb 13 kilogramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasi ekanligi ma’lum bo‘lgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, musodara qilingan “geroin”ning xalqaro qora bozordagi qiymati 1,5 million dollargacha baholanmoqda.
Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida respublika bojxona organlari tomonidan 363 ta holatda qariyb 1,7 tonna giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 461 kilogrammga ko‘pdir. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istondan Toshkent viloyatiga kirib kelgan yuk mashinasidagi oziq-ovqat orasidan katta miqdordagi dori vositalari topilgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi