AQSH Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi

Olam

image

AQSH Moliya vazirligi Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovini to‘sib qo‘yishi oqibatida ko‘tarilgan energiya resurslari narxini tushirish maqsadida bir oy muddatga Eron neftini sotib olish va sotishga vaqtincha ruxsat berdi. Bu haqda kecha, 20 mart kuni AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunda asosiy shart – mahsulotlar shu kun holatiga ko‘ra yuklangan va yo‘lda bo‘lishi kerak. Litsenziya yangi bitimlar tuzishga ruxsat bermaydi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bu qarorni “tor doiradagi” va “qisqa muddatli” deb ta’riflagan. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, bu jahon bozoriga tezkorlik bilan qariyb 140 million barrel neft olib kirish imkonini beradi. Bu esa to‘rt haftadan beri davom etayotgan urush tufayli Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi oqibatida yuzaga kelgan taqchillikni qisman qoplash va narxlarni pasaytirishga xizmat qilishi kerak.

Bessentning yozishicha, hozirda Eron neftining asosiy xaridori Xitoy bo‘lib, u mahsulotni chegirma bilan sotib olmoqda. 

“Ushbu zaxiralardan foydalanish imkoniyatini butun dunyo uchun vaqtincha ochish orqali Qo‘shma Shtatlar jahon bozoriga tezkorlik bilan 140 million barrel neft yetkazib beradi va Eron tomonidan yuzaga keltirilgan vaqtinchalik bosimni kamaytirishga yordam beradi. Aslida, biz narxlarni jilovlash uchun Eron neftidan Tehronning o‘ziga qarshi foydalanamiz va shu bilan birga “Epik g‘azab” (Epic Fury) operatsiyasini davom ettiramiz”, deydi Bessent.

Uning fikricha, Eron olingan daromadlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch keladi, chunki “AQSH Eronga va uning xalqaro moliya tizimiga kirish imkoniyatlariga maksimal bosim o‘tkazishda davom etadi”.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta oldin Rossiya neftiga nisbatan ham xuddi shunday vaqtinchalik sanksiyalar yumshatilishi joriy etilgan edi.

Joriy yilning 19 mart kuni Bessent “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida AQSH Eron neftidan sanksiyalarni vaqtincha olib tashlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida gapirgan edi. O‘shanda u cheklovlarning bekor qilinishi neftni Xitoydan boshqa davlatlarga (Hindiston, Yaponiya, Malayziya kabi) yo‘naltirishga yordam berishini, Xitoyni esa “bozor narxida” to‘lashga majbur qilishini ta’kidlagan. Uning baholashicha, Eron neftining bozorga chiqishi narxlarni 10-14 kunga pasaytiradi.

19 mart kuni energiya resurslari narxida keskin ko‘tarilish kuzatildi. Londonning ICE birjasida Brent markali neftning may oyidagi fyucherslari narxi 9 martdan beri ilk bor barreliga 119 dollardan oshdi. Narxlarning o‘sishi Eronning Fors ko‘rfazidagi energetika infratuzilmasi ob’ektlariga qilgan hujumlari va yangi zarbalar haqidagi ogohlantirishlaridan keyin yuz berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing