Xitoy AQSH bilan suvosti urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda – “Reuters”
Olam
−
24 mart 4959 2 daqiqa
O‘nlab Xitoy tadqiqot kemalari Tinch, Hind va Shimoliy Muz okeanining strategik muhim hududlarida dengiz tubi xaritasini tuzish bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu ma’lumotlar harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadqiqotlar foydali qazilma konlari va baliq ovlash hududlarini qidirishga ham qaratilgan. Harbiy-dengiz ekspertlarining tushuntirishicha, Xitoy olingan ma’lumotlar asosida urush bo‘lgan taqdirda suvosti kemalari jang olib boradigan joylarning suvosti relefi xaritasini tuzishi mumkin.
Xususan, Dong Fang Hong 3 tadqiqot kemasi 2024–2025 yillarda Tayvan, Guam qirg‘oqlari va Hind okeanining strategik qismlarida patrullik qilgan. Rasman u iqlim tadqiqotlari va tub jinslarni o‘rganish bilan shug‘ullangan. Biroq, nashrning yozishicha, chuqur suvosti xaritalash ma’lumotlari Xitoyga dushmanlarini kuzatish imkonini beradi.
Xitoy okeanologiya akademiyasi tomonidan boshlangan “Shaffof okean” loyihasi suv harorati, sho‘rligi va suvosti oqimlari harakatini qayd etuvchi yuzlab datchiklar hamda suvosti sensorli tarmoqlarini o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. Tarmoq strategik muhim hududlarni: Filippin, Guam va Gavayi orollari yaqinidagi suvlar, shuningdek, Hind okeani va Malakka bo‘g‘oziga kirish yo‘llarini qamrab oladi. Xitoylik olimlar va hukumat loyihani ilmiy deb atamoqda, ammo rasmiy hujjatlar uning “dengiz mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash”dagi muhimligini ko‘rsatmoqda.
Bungacha ham “Reuters” AQSH va Xitoy o‘rtasidagi “suvosti urushi” haqida yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning SubCom LLC kompaniyasi 2023 yilda Osiyodan Yevropaga ma’lumot uzatish uchun dengiz tubi bo‘ylab qiymati 600 million dollarlik optik tolali kabel yotqizishni boshlagan. Loyihani dastlab Xitoyning HMN Tech kompaniyasi amalga oshirishi kerak bo‘lgan, biroq Vashington Xitoy razvedka xizmatlari ulanib olishidan xavfsirab, buyurtmachilar konsorsiumiga “bosim o‘tkazgan”. Nashrning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi kamida oltita optik tolali kabel yotqizish bo‘yicha kelishuv AQSH aralashuvi tufayli barbod bo‘lgan.
O‘sha vaqtda “The Wall Street Journal” Pentagonda Xitoyni AQSHning butun qirg‘oq bo‘ylab joylashgan port kranlari orqali josuslik qilishda gumon qilayotgani haqida xabar bergan. XXR elchixonasi gazeta ma’lumotlarini “paranoyya” va savdoga to‘sqinlik qilishga urinish deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy yangi avlod yadroviy qurolini ishlab chiqayotgani va so‘nggi yillarda kamida bitta maxfiy sinov o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi