AQSH qo‘mondonligi Yevropadagi qo‘shinlar sonini oshkor qildi
Olam
−
01 may 3252 2 daqiqa
AQSH Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi EUCOM ma’lumotiga ko‘ra, Yevropada taxminan 80 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi joylashtirilgan. Ularning qariyb yarmi Germaniya hududida xizmat qilmoqda. Bu haqda AQSH qo‘mondonligi vakili TACC nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, hozirda Yevropa harbiy hududida 80 mingga yaqin AQSH harbiylari joylashgan. Shundan qariyb 38 ming nafari doimiy va rotatsion asosda Germaniyada xizmat qilmoqda.
Amerika tomonining ta’kidlashicha, qo‘shinlar soni va tarkibi xalqaro vaziyatga qarab doimiy ravishda o‘zgarib turadi.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Germaniyadagi harbiylar sonini qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi. Uning aytishicha, bu boradagi qaror yaqin vaqt ichida qabul qilinadi.
Trampning Germaniyadagi harbiy kontingentni qisqartirish haqidagi bayonotlari Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan munosabatlar keskinlashgan fonida yangradi. AQSH rahbari Germaniya Ukrainadagi mojaroga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini, Vashington va Tehron o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aralashmasligi lozimligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Tramp AQSH qo‘shinlarini Italiya va Ispaniyadan ham chiqarish ehtimolini istisno qilmagan. U buni ushbu davlatlar AQSHning Eronga qarshi urushida yordam berishdan bosh tortgani bilan izohlagan. Xususan, ular AQSH harbiy samolyotlari uchun bazalar taqdim etmagan.
Germaniya AQSHning Yevropadagi asosiy harbiy tayanch nuqtasi hisoblanadi. Amerika qo‘shinlari bu yerda Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri joylashgan, Sovuq urush davrida esa mamlakat NATOning SSSRga qarshi asosiy tayanchiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Eronga qarshi urushi hozirgacha 25 milliard dollarga tushgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi