AQSH va YeI Ukrainani tiklash uchun 800 mlrd dollarlik reja ishlab chiqdi – OAV

Olam

image

AQSH va Yevropa Ittifoqi Ukrainani urushdan so‘ng tiklashga yordam berish uchun jami 800 mlrd AQSH dollari mablag‘ jalb qilmoqchi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, bu o‘n yillik reja Ukraina tiklanishini ta’minlaydi va uni Yevropa Ittifoqiga tezroq a’zo qilishga imkon yaratadi. Yevropa Komissiyasi bu reja yuzasidan Yevropa davlatlari poytaxtlariga oldindan ma’lumot yuborgan.

Reja doirasida AQSH va Yevropa Ittifoqi 2040 yilgacha moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqqan, shuningdek, dastlabki 100 kunlik operatsion reja ham belgilangan. Nashr uni “Farovonlik rejasi” deb ataydi va u AQSHning 20 banddan iborat tinchlik rejasiga kiradi.

BlacRock kompaniyasi ekspertlariga ko‘ra, agar urush cho‘zilsa, Ukraina ittifoqchilari xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda qiyinchilikka duch keladi. Rejada Ukraina tiklanishiga 800 mlrd AQSH dollari mablag‘ jalb qilinishi, shuningdek, beshta fond tashkil etilishi kutilmoqda:

  • Amerika-Ukraina tiklash fondi;
  • Ukraina suveren investitsiya platformasi;
  • Ukraina rivojlanish fondi;
  • Ukraina o‘sish va imkoniyatlar fondi;
  • Inson kapitali va qochqinlarni qaytarish fondi. 

Shuningdek, Kiyev Yevropada muzlatilgan Rossiya aktivlaridan taxminan 300 mlrd dollar mablag‘ni tortib olib, tiklash ishlari uchun ishlatishni talab qilmoqda. 2025 yil may oyida Yevropa Ittifoqi muzlatilgan Rossiya aktivlaridan qayta investitsiyalangan daromaddan Ukraina hisobiga 1 mlrd yevro o‘tkazgan.

Hujjatda AQSH o‘zini donor sifatida emas, balki strategik iqtisodiy hamkor, sarmoyador va ishonch manbai sifatida ko‘rsatadi. Amerikaning bevosita kompaniyalari loyihalarda qatnashadi, AQSH xususiy kapitalni safarbar qilishga tayyor.

Keyingi o‘n yil ichida Yevropa Ittifoqi, AQSH va xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan, Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki bu maqsadlar uchun jami 500 mlrd dollar davlat va xususiy mablag‘ ajratadi.

2025 yil dekabr oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Ukrainani tiklashga yordam berishini bildirgan, Ukraina Prezidentining aytishicha, Rossiya energiya resurslarini past narxlarda yetkazishga tayyor. Shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzlatilgan AQSHdagi Rossiya aktivlarining bir qismini urushdan zarar ko‘rgan hududlarni tiklashga ishlatish mumkinligini bildirgan va bu masalani Vashington bilan muhokama qilayotganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing