Daniyaliklar Kaliforniyani sotib olishni taklif qildi
Olam
−
24 yanvar 13346 2 daqiqa
AQSHning Grenlandiyani anneksiya qilish qarori ortidan Daniyaning Kaliforniyani “sotib olishi” haqidagi satirik petitsiyasi keng tarqalib, unga 200 000 dan ortiq daniyaliklar imzo chekdi. Bu haqda “Independent” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu petitsiya Daniya suvereniteti ostidagi Grenlandiya orolini anneksiya qilish yoki sotib olish borasidagi tajovuzkor rejalariga javoban tashkil qilingan. Shu bilan birga, Tramp Arktika hududiga egalik qilish da’vosiga qarshi bo‘lgan yevropalik ittifoqchilarga AQSHga import qilinadigan tovarlarga 10 foizdan 25 foizgacha bojxona tariflari joriy etish bilan tahdid qilgani sababli mazkur petitsiya global e’tirof etilmoqda.
Qayd etilishicha, murojaat hozirda “Denmarkification.com” nomli veb-saytda joylashtirilgan. U yerda Daniya Amerikaning eng aholisi ko‘p bo‘lgan shtatini sotib olishi va uni “Yangi Daniya” deb qayta nomlashi taklif qilingan.
“Qachondir xaritaga qarab: “Bilasanmi, Daniyaga nima yetishmaydi? Ko‘proq quyosh nuri, palma daraxtlari va rolikli konkilar, deb o‘ylab ko‘rganmisiz? Xo‘sh, endi bu orzuni haqiqatga aylantirish uchun umrda bir marta uchraydigan imkoniyat paydo bo‘ldi. Keling, Kaliforniyani Donald Trampdan sotib olaylik!”, deb yozilgan kinoyaviy ruhdagi sahifada.
Shuningdek, petitsiyaning yana bir bo‘limida Kaliforniyani sotib olish “erkin dunyoni himoya qilish” uchun zarur ekanligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Davosda iqtisodiy forumdagi chiqishida Yevropa Grenlandiyani AQSHga berishi kerakligini aytib chiqqandi.
Live
Barchasi“Open budget” boshlandi
09:37