AQSHda Trampning surati tushirilgan yangi banknota chiqishi mumkin
Olam
−
29 may 1490 2 daqiqa
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Prezident Donald Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota tayyorlanayotganini tasdiqladi. U buni Oq uydagi chiqishida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, qonun o‘zgarsa, banknotani muomalaga chiqarish masalasini Kongress hal qiladi. Hozirgi AQSH qonunchiligiga ko‘ra, tirik shaxslarning suratini pullarda aks yettirish taqiqlangan. Biroq o‘tgan yili amaldagi va sobiq prezidentlarni valyutada tasvirlashga ruxsat beruvchi qonun loyihasi kiritilgan.
“Hozir Vakillar palatasi va Senatda birinchi talabni o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga ko‘ra, tirik inson – Donald J. Tramp 250 dollarlik kupyurada tasvirlanishi mumkin. Menimcha, AQSH Prezidenti, ya’ni amaldagi Prezident suratining 250 yillik yubiley banknotasida bo‘lishida hech qanday noo‘rin jihati yo‘q”, deydi Bessent Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda.
“The Washington Post” nashri xabariga ko‘ra, Tramp tomonidan tayinlangan g‘aznachi Brendon Bich AQSH Mudra va gravirovka byurosidan yangi kupyurani tezroq ishlab chiqishni talab qilmoqda. Bu tashabbus AQSH Mustaqillik deklaratsiyasining 250 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan.
E’lon qilingan namunaviy dizaynda “America 250 anniversary” yozuvi joylashgan. Bu AQSHning 1776 yil 4 iyulda mustaqilligini e’lon qilganiga ishora qiladi. Nashrning yozishicha, so‘nggi vaqtlarda Tramp o‘z siymosini boqiylashtirishga urunmoqda. Uning portretlari Adliya vazirligi va boshqa federal binolarga osilgan, shuningdek, Kennedi markaziga ham uning nomi berilgan.
Shu bilan birga, Tramp imzosi ham AQSH valyutasida paydo bo‘lishi mumkin. Mart oyida esa Tramp surati tushirilgan esdalik oltin tangasini chiqarish ham ma’qullangan. Bu qaror tanqidchilar tomonidan “monarxlar va diktatorlar uslubi” deya baholangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan mamlakatda amaldagi Prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan pasportlar seriyasi chiqarilishi e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi