AQSHga 30 dan ortiq mamlakat fuqarolari kirishi taqiqlanadi
Olam
−
11:49 4043 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 30 dan ortiq davlat fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem “Fox News” efirida so‘z ochdi.
U aniq raqam va qaysi davlatlarga taqiq joriy etilishini tilga olmagan. Vazirning tushuntirishicha, taqiq ro‘yxatga olingan davlatlargagina taalluqli bo‘ladi, ular o‘z fuqarolarini nazorat qilish va AQSHga tekshirishda yordam bera olmayapti.
“Men aniq sonni aytolmayman, lekin ular 30 dan ko‘p. Agar bu davlatlarda barqaror hukumat bo‘lmasa, agar ular bizga AQSHga kirishga urinayotgan odamlar kimligini tushuntirib bera olmasa va ularni tekshirishga yordam berolmasa, unda nega biz bu mamlakatlar fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga kiritishimiz kerak?” degan Kristi Noem.
Yangi cheklovlar 26 noyabr kuni Vashingtonda sodir bo‘lgan hujumdan keyin qattiqlashtirilgan migratsiya siyosatining davomidir. Shu kuni Milliy gvardiya harbiylaridan biri halok bo‘lgan. Surishtiruvlarga ko‘ra, hujumni 2021 yilda AQSHga kelgan afg‘on fuqarosi amalga oshirgan. Prezident Tramp o‘shanda “uchinchi dunyo mamlakatlaridan keladigan migratsiyani abadiy to‘xtatishni” va’da qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Vashington milliy xavfsizlikka tahdid, deb hisoblagan 19 davlat fuqarolarining barcha immigratsiya arizalarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatgandi. “Qora ro‘yxat”ga tushganlar orasida Turkmaniston va Afg‘oniston fuqarolari ham bor.
Live
Barchasi