Yaqin Sharqdagi urushning 13-kuni: qurbonlar ko‘paydi, hujumlar shiddati oshdi

Olam

image

Bugun, 12 mart kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotining 13-kuni boshlandi. Mojaro davom etar ekan, Yaqin Sharqning bir qator hududlarida raketa va dron hujumlari, kiberhujumlar hamda dengizdagi keskinlik kuchaymoqda. Bu jarayon global energetika bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, neft narxlarining keskin oshishiga olib keldi.

Eron Prezidenti urushni tugatish uchun raqiblariga shart qo‘ydi 

Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravani ma’lum qilishicha, 28 fevraldan beri davom etayotgan hujumlar oqibatida mamlakatda kamida 1348 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 17 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. UNICEF’ning qayd etishicha, qurbonlar orasida 1100 dan ortiq bola bor. Tashkilot vaziyatni falokatli gumanitar inqiroz deb baholamoqda.

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon urushni to‘xtatish uchun uchta asosiy shartni ilgari surgan. Uning aytishicha, mojaro faqat quyidagi talablar bajarilgan taqdirdagina tugatilishi mumkin: Eronning qonuniy huquqlari tan olinishi, yetkazilgan zarar uchun tovon puli to‘lanishi va kelajakdagi harbiy hujumlarning oldini olish uchun qat’iy xalqaro kafolatlar berilishi. Tehron bir vaqtning o‘zida qarshi hujumlarini davom ettirishini ham bildirgan.

Kibermakondagi urush

Mojaro kibermakonda ham davom etmoqda. Eron bilan aloqador ekani aytilayotgan “Handala” xakerlar guruhi AQSHning tibbiy texnologiyalar ishlab chiqaruvchi “Stryker” kompaniyasiga kiberhujum uyushtirganini ma’lum qildi. Ularning iddaosiga ko‘ra, hujum oqibatida kompaniya tarmog‘i ishdan chiqarilgan va 50 terabayt ma’lumot o‘g‘irlangan. Xakerlar bu harakatni Eronning Minob shahridagi maktabga berilgan zarbaga javob deb atagan.

Dengiz yo‘llaridagi keskinlik

Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning katta maslahatchisi Yahyo Rahim Safaviy esa davlat televideniyesida chiqish qilib, AQSH Prezidenti Donald Trampni keskin tanqid qildi. U Trampni “korrupsioner va eng ahmoq Amerika Prezidenti hamda shaytonning o‘zi”, deb atadi. Shuningdek, mintaqadagi keskinlik dengiz yo‘llariga ham ta’sir qilmoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ogohlantirishlarga bo‘ysunmagan ikki kemaga qarata o‘q uzganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Ummon harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida hujumga uchragan Tailand bayrog‘i ostidagi kemadan 20 nafar dengizchini qutqargan.

Mintaqa davlatlari hamon hujumlar nishoniga aylanmoqda

Eron va uning ittifoqchilari ham harbiy harakatlarni davom ettirmoqda. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Livandagi “Hizbulloh” harakati bilan birga Isroil hududlariga qo‘shma raketa zarbalari berganini bildirdi. Isroil armiyasi esa Erondan mamlakat hududi tomon uchirilgan raketalarni aniqlaganini ma’lum qildi. Mintaqadagi boshqa davlatlar ham hujumlar nishoniga aylangan. Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi “Shaybah” neft koniga yo‘naltirilgan bir nechta dronlar yo‘q qilinganini bildirdi. BAA esa Eron tomonidan uchirilgan 6 ta ballistik raketa, 7 ta kruiz raketasi va 39 ta dron tutib olinganini ma’lum qildi. Quvaytda ushlangan dron qoldiqlari sabab elektr uzatish liniyalarining bir qismi ishdan chiqqan. Ummondagi “Salalah” portida dron hujumi oqibatida yoqilg‘i rezervuarlari zarar ko‘rgan. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats harbiy operatsiya muddati haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot barcha maqsadlarga erishilmaguncha davom etadi. Urush boshlanganidan beri 14 nafar Isroil askari yaralangan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida 179 kishi jarohat olganini ma’lum qildi. 

Livan urush o‘chog‘i ichida

Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutning janubiy qismidagi Dahiya hududida “Hizbulloh” infratuzilmasiga qarshi keng ko‘lamli hujumlar boshlaganini ham bildirdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Bayrutga berilgan zarba oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi yaralangan. Umuman olganda, Livanda mojaro boshlanganidan beri 630 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 800 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Neft muammosi

Donald Tramp Eron allaqachon mag‘lubiyatga uchraganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u urushga qaramay, Eron terma jamoasining futbol bo‘yicha bo‘lajak Jahon chempionatida ishtirok etishini mamnuniyat bilan qabul qilishini aytdi. 

Pentagon brifingida esa urushning iqtisodiy qiymati haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, mojaroning birinchi haftasi AQSHga 11,3 milliard dollardan ortiq mablag‘ga tushgan. Urush global iqtisodiyotga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Fors ko‘rfazidagi xavfsizlik tahdidlari sabab neft narxi bir barrel uchun 100 dollargacha ko‘tarildi. Bozorni barqarorlashtirish uchun Xalqaro energetika agentligi 400 million barrel xom neft chiqarishni rejalashtirmoqda. AQSH esa bunga 172 million barrel bilan hissa qo‘shishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp BMT Yaqin Sharq Isroil Mas'ud Pezeshkiyon Mujtabo Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing