AQSHning harbiy harakati Eronni bosim ostiga qo‘ymoqda – OAV

Olam

image

AQSHning harbiy kuchlarini Yaqin Sharqqa yuborishi Eron tomonidan bevosita tahdid sifatida qabul qilinmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19 yanvar kuni AQSH Harbiy-dengiz kuchlari Malayziya va Indoneziya o‘rtasidagi Malakka bo‘g‘oziga yetib kelgan. O‘tgan hafta Osiyo-Tinch okeani mintaqasini tark etgan USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi tezkor jangovar kemalar va qiruvchi samolyotlar bilan birga Yaqin Sharqqa yo‘l olgan. Harbiy guruh Malakka bo‘g‘ozidan o‘tib, yaqin kunlarda mintaqaga yetib kelishi kutilmoqda.

Tehron bu harakatni qo‘shimcha bosim sifatida baholamoqda. Mamlakat ichida davom etayotgan namoyishlar hukumatni zaiflashtirgan bir paytda tashqi bosimning kuchayishi rasmiylarni yanada tahlikaga solmoqda. Shuningdek, Eron Qurolli kuchlari himoyaga tayyor ekani va mamlakatda yuqori darajadagi harbiy tayyorgarlik holati saqlanayotgani ochiqlangan.

“Bu safar biz har qanday hujumni – cheklanganmi, cheklanmaganmi, aniq yoki kinetikmi – bizga qarshi to‘liq urush sifatida ko‘ramiz va eng keskin tarzda javob beramiz”, deydi eronlik mansabdor.

U AQSHdan doimiy harbiy tahdid borligini bildirgan. Shuningdek, respublika hujumni qaytarish uchun o‘zida mavjud barcha vositalarni safarbar qilishga majbur ekanini bildirgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Eron tomonga katta flotiliya harakatlanayotganini aytgan. U hozircha kuch ishlatish ehtimoli aniq emasligini bildirgan. Bu bayonot murosaga yo‘l ochishi mumkin, biroq harbiy kuchlarning mintaqada to‘planishi vaziyatni noaniq holatda saqlab turibdi.

Tramp chiqishlarida bir necha bor Eron namoyishchilarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. U hukumat tinch namoyishchilarni qattiq bostirsa va odamlar halok bo‘lsa, AQSH harbiy kuch ishlatishi mumkinligini ogohlantirgan. Bir nechta OAV Oq uy Eron bo‘yicha harbiy zarbalar va kibirhujum variantlarini muhokama qilayotganini yozmoqda. Eron rasmiylari esa bu bayonotlarni “Amerika fitnasi” deb atab, rad etmoqda.

Sunnatova Farangiz


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing