AQSHning yangi Milliy mudofaa strategiyasi e’lon qilindi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan yangi Milliy mudofaa strategiyasi e’lon qilindi. Unda Rossiya NATOning sharqiy a’zolari uchun “doimiy, ammo boshqarib bo‘ladigan tahdid” bo‘lib qolayotgani qayd etilgan.

BBC’ning yozishicha, 2022 yilgi strategiyadan farqli o‘laroq – o‘sha hujjatda Xitoydan bo‘layotgan “tahdid” AQSH mudofaasi uchun asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan edi – yangi, 34 betlik hujjatda Pekinni “kuch orqali, biroq qarama-qarshiliksiz” tiyib turish zarurligi qayd etilgan.

“Prezident Tramp barqaror tinchlik, adolatli savdo va Xitoy bilan o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga intiladi hamda bu maqsadlarga erishish uchun XXR raisi Si Szinpin bilan bevosita muloqotga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Prezident Tramp muzokaralarni kuchli pozitsiyadan olib borish qanchalik muhim ekanini ham namoyish etdi”, deyiladi hujjatda.

2018 yilgi hujjatda esa Xitoy va Rossiya AQSH xavfsizligi uchun “asosiy tahdid” sifatida ko‘rsatilgan.

Pentagon yangi strategiyada AQSHning “muhim hududlarga, xususan Panama kanali va Amerika ko‘rfaziga (AQSHda endi Meksika ko‘rfazi shunday ataladi) harbiy va tijoriy kirish imkoniyatini” kafolatlashini bildiradi.

“Biz Prezident Trampga giyohvand-terrorchilarga qarshi ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar ishonchli harbiy harakat variantlarini taqdim etamiz”, deyiladi hujjatda.

Strategiyada Rossiyaga alohida bob bag‘ishlangan. Unda Moskva yaqin istiqbolda NATOning sharqiy a’zolari uchun “doimiy, ammo boshqarib bo‘ladigan tahdid” bo‘lib qolishi qayd etilgan.

“Rossiya demografik va iqtisodiy qiyinchiliklardan aziyat chekayotganiga qaramay, Ukrainadagi davom etayotgan urush uning hanuz sezilarli harbiy va sanoat salohiyatiga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Rossiya yaqin xorij hududida uzoq davom etadigan urush olib borish uchun zarur bo‘lgan milliy qat’iyat mavjudligini ham namoyish etdi”, deyiladi Pentagon hujjatida.

Pentagon “AQSH hududida Rossiyadan keladigan tahdidlarga qarshi mudofaa uchun Amerika qo‘shinlarining tayyorgarligini” ta’minlashini bildirgan. Strategiyada Vashington “Yevropa harbiy teatridagi” Amerika kuchlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqishga qaramay, NATOda “hayotiy muhim rol”ni saqlab qolishi aytiladi.

“Moskva Yevropada gegemonlikka da’vo qila olmaydi. Yevropa NATOsi iqtisodiy ko‘lam, aholi soni va shunga mos ravishda yashirin harbiy qudrat jihatidan Rossiyadan ancha ustun. Biz Yevropa ishlarida ishtirok etamiz va ishtirok etishda davom etamiz, biroq AQSH hududini himoya qilish va Xitoyni tiyib turishni ustuvor vazifa sifatida belgilashimiz kerak va shunday qilamiz. NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz AQSHning hal qiluvchi, ammo yanada cheklangan ko‘magi ostida Yevropa mudofaasi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish uchun qulay holatda turibdi. Bu, jumladan, Ukrainani himoya qilishni qo‘llab-quvvatlashda yetakchi rolni ham anglatadi. Prezident Tramp ta’kidlaganidek, Ukrainadagi urush yakunlanishi kerak. Biroq u urg‘u berganidek, bu birinchi navbatda Yevropaning mas’uliyatidir”, deyiladi hujjatda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Pentagon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing