Aliyevning qo‘riqchilari AQSHda ozarbayjonlik namoyishchilarni do‘pposladi (video)
Olam
−
20 fevral 11569 2 daqiqa
Kecha, 19 fevral kuni “Tinchlik kengashi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashingtonga borgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tunagan mehmonxona qarshisida siyosiy muhojirlar tomonidan namoyish o‘tkazildi. Biroq, namoyishchilar bu safar shunchaki e’tiborsizlikka emas, balki Aliyevning qo‘riqchilari tomonidan kuchli qarshilik va zo‘ravonlikka uchradi.
Norozilik aksiyasi ishtirokchilaridan kamida 2-3 nafari Prezident Ilhom Aliyevning qo‘riqchilari deb aytilayotgan shaxslar – qurollangan, basavlat, rasmiy kiyingan erkaklar tomonidan do‘pposlangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqda yashin tezligida tarqalmoqda. Buni tarmoq foydalanuvchilari 2017 yilda aynan Vashingtonda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashrifi munosabati bilan namoyishga chiqqanlarning do‘pposlangani bilan solishtirmoqda.
Ilhom Aliyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu davlatda bo‘lib, Vashingtonda o‘tkazilgan “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Aliyev joylashgan mehmonxonasi qarshisida Amerikada yashayotgan ozarbayjonlik muxolifatchilar tomonidan namoyish o‘tkazildi. Ular Ozarbayjonda saqlanayotgan siyosiy mahbuslarga, xususan, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga ozodlik berilishini talab qilib, norozilik bildirgan.
Shuningdek, ular qo‘llarida ovoz kuchaytirgich bilan bir necha marotaba “Siyosiy mahbuslarga ozodlik”, “Diktator” deb baqirgan. Shundan so‘ng ularga nisbatan Prezident qo‘riqlov xizmati tarafidan kuch ishlatilib, jarohat yetkazilgan.
“Maqsadimiz – Ilhom Aliyev joylashgan mehmonxona qarshisida siyosiy mahbuslarga ozodlik so‘rab, tinch namoyish o‘tkazish edi. Bizning hech qanday provakatsiya qilish niyatimiz yo‘q. Biz Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga ozodlik berilishini so‘radik. Ilhom Aliyevga Ozarbayjonda e’tiroz qilishning iloji yo‘q. Biz esa hech bo‘lmasa xorijda ovozimizni eshittirishni xohladik. Ilhom Aliyevning qo‘riqchilari esa bunga qattiq javob qaytardi. Ular bizga zarar berdilar, mening kiyimimni yirtishdi, meni do‘pposlashdi”, degan namoyish ishtirokchilaridan biri.
Namoyishni bostirishda Prezident Qo‘riqlash xizmati bilan birga AQSH politsiyasi ham ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Myunxen shahrida 2026 yilgi xavfsizlik konferensiyasiga borgan Ilhom Aliyev boshchiligidagi delegatsiya, xususan, mamlakat birinchi xonimi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva jurnalist va inson huquqlari faoli Emin Husaynovning mamlakatda demokratiyaning holati bilan bog‘liq savoliga bergan sharmandali javobi bilan tilga tushgandi.