Isroilning raketalari tugamoqda – OAV
Olam
−
10:48 1967 2 daqiqa
Isroilda ballistik raketalarni ushlab qolish vositalari jiddiy darajada kamayib ketgan, baza bo‘sh qolgan. Bu haqda “Semafor” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Eron bilan hozirgi urushga kirishgan paytdayoq raketalarni ushlab qoluvchi tizimlar zaxirasi cheklangan bo‘lgan. Bu zaxiralar o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi 12 kunlik to‘qnashuv davomida katta miqdorda sarflab yuborilgan.
Amerika rasmiylaridan biriga ko‘ra, AQSH bu muammodan bir necha oydan beri xabardor bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, Vashington bu holatni oldindan kutgan va bashorat qilgan.
Shu bilan birga, nashr suhbatdoshi AQSHda bunday raketalar tanqisligi kuzatilmayotganini bildirgan.
“Bloomberg” agentligi ham AQSH va Isroilda raketalarni ushlab qolish uchun mo‘ljallangan zenit raketalari zaxirasi tez tugab qolishi mumkinligi haqida yozgan. Manbalarga ko‘ra, bu arsenal urushning dastlabki kunlaridayoq bir necha kun ichida tugab qolishi ehtimoli bor.
Shuningdek, “The New York Times” gazetasi Eron arzon dronlarni ommaviy ravishda uchirish taktikasidan foydalanayotganini yozgan. Bu orqali Tehron AQSH va uning ittifoqchilarini qimmatbaho havo hujumidan mudofaa raketalarini sarflashga majbur qilayotgani ta’kidlangan.
Gazetaga ko‘ra, bu taktika uzoq davom etadigan mojaro sharoitida mintaqadagi havo hujumidan mudofaa tizimlarining barqarorligiga jiddiy savol tug‘dirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning harbiy salohiyati to‘liq yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi, biroq mamlakat hali ham kemalar qatnoviga nuqtali zarbalar berishga qodirligidan ogohlantirgandi.