Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman ish boshladi

Jamiyat

image

Kecha, 6 aprel kuni AQSHning Vashington shahrida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Ma’lum qilinishicha, kengash faoliyatining maqsadi qo‘shma biznes tashabbuslari uchun mustahkam institutsional asos yaratishga qaratilgan. Unda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov ishtirok etgan. 

“Vashington shahrida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Kengash qo‘shma biznes tashabbuslari uchun mustahkam institutsional asos yaratishga qaratilgan. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi”, deya yozgan Mirziyoyeva. 

Qayd etilishicha, kengashning tashkil etilishiga ikki davlat Prezidentlari – Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qaror topgan yuksak darajadagi ishonch qo‘l kelgan. 

“Kengash hamraisi, elchi Serjio Gor ta’kidlaganidek, so‘nggi bir yil davomida AQSH Markaziy Osiyoda strategik sheriklikni mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishlarini amalda tasdiqladi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 6-7 noyabr kunlari AQSHga borgan edi. O‘zbekiston yetakchisi Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining S5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv boshlanishidan oldin, ya’ni kecha, 6 aprel kuni ham Saida Mirziyoyeva Vashington shahrida Serjio Gor bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov Saida Mirziyoeva Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing