Andijonda aka 2 yashar singlisini 50 ming so‘mga narxlab, ko‘chada bog‘lab qo‘ydi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida yosh bolani qo‘lidan bog‘lab, unga “50 ming so‘m” deya narx belgilab ketilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova bilan bog‘landi. 

Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, joriy yil 2 yanvar kuni Andijon shahrida vaqtincha yashovchi (1999 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) ayol Q.D. yashash manziliga ketayotgan vaqtda 2 nafar kichik yoshdagi farzandlarini (2019 va 2023 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz) 9 yoshli katta o‘g‘li S.A. ga (2017 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) topshirib, qo‘lidagi go‘dagi bilan (2025 yilda tug‘ilgan) do‘konga ketgan va buning ortidan bolalar qisqa muddatga nazoratsiz qolgan. 

Ukalariga qarab turishi kerak bo‘lgan akaning aytishicha, u onasi ketgan vaqtda ko‘chaning avtotransport qatnov qismiga chiqib ketmasligi uchun singlisini qo‘lidan zinapoyaning temir dastagiga ip bilan bog‘lab qo‘ygan. 

Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan ayol farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha ogohlantirilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv doirasida ayolning farzandlariga nisbatan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda. Rahmonova bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishini ham aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil iyun oyida Toshkent shahri Uchtepa tumanida ota-onasi qaramog‘ida yashovchi 13 yoshli bola ham hazil tariqasida 3 yoshar ukasini quloqsizligi uchun onlayn platformaga sotuvga qo‘yib, uning narxini 150 ming so‘m qilib ko‘rsatgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing