Andijonda ko‘cha bezoriligi bilan shug‘ullanganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
14 mart 3963 2 daqiqa
Andijon shahrida odamlarni do‘pposlab, ko‘cha bezoriligi bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 mart kuni Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida bir guruh shaxslarning noqonuniy faoliyati fosh etilgan.
Jinoiy guruh yetakchisi sifatida 1995 yilda Asaka tumanida tug‘ilgan Muhammadumar Baxtiyor o‘g‘li Ismoilov ko‘rsatilgan. U muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-(bezorilik), 110-(qiynash), 112-(o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 137-(odam o‘g‘rilash) moddalari bilan sudlangan. Uning laqabi – “Umar”. Uning jinoiy sherigi – Elmurod Begijon o‘g‘li Ergashev 1993 yilda Izboskan tumanida tug‘ilgan. U muqaddam Jinoyat kodeksining 104-(qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 166-(talonchilik), 168-(firibgarlik), 266-(transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 277-moddalari (bezorilik) bilan sudlangan bo‘lib, laqabi “Elmish”.
Aniqlanishicha, ular Andijon shahrida joylashgan kafeda moddiy manfaat evaziga fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy masalalarni go‘yo “ko‘cha yechimi” tarzida hal qilib, bezorilik harakatlarini sodir etib kelgan.
Xususan, joriy yilning 23 fevral kuni Muhammadumar Ismoilov o‘zining tanishi Elmurod Ergashev bilan mazkur kafega kelib, kafe xodimlarini haqorat qilgan va 2007 yilda tug‘ilgan yigitni urib, unga qasddan tan jarohati yetkazgan.
Bundan tashqari, ushbu shaxslar jinoiy harakatlarini davom ettirib, o‘zlariga avvaldan tanish bo‘lgan, 1992 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan erkakni ham kafega chaqirib, u bilan janjal keltirib chiqargan. Xususan, uni kafe ichidagi xonalardan biriga olib kirib, u yerda ham do‘pposlab, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olingan. Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida tovlamachilik orqali pul ishlamoqchi bo‘lgan jinoiy guruh aniqlangan edi.
Live
Barchasi