Ash-Shara basketbolchilik faoliyati haqida gapirdi (video)

Olam

image

Suriya Prezidenti Ahmad ash-Shara Damashq shahrida joylashgan Al-Fayha sport zali ochilishiga bag‘ishlangan Suriya va Livan erkaklar milliy basketbol jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

O‘yin davomida u basketbol o‘ynab, o‘zining bu sport turiga bo‘lgan avvalgi muhabbati haqida so‘z yuritgan.

“Basketbol qalbimizga eng yaqin o‘yinlardan biri edi, ammo urushlar va mojarolar sabab uni tark etdik. Keyin unga o‘xshash boshqa o‘yinga o‘tdik”, degan Prezident.

Uchrashuv Suriya va Livan terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan.

Tadbirda Prezident Ahmad ash-Shara bilan birga Tashqi ishlar vaziri Asad Hasan Shayboniy, Ichki ishlar vaziri Enes Xattap, Yoshlar va sport vaziri Muhammad al-Hamid hamda boshqa rasmiylar qatnashgan. Prezident uchrashuv oldidan ramziy to‘p tashlab, o‘yinchilarni qutlagan va o‘yin uchun to‘pga imzo chekkan.

Shuningdek, u Yoshlar va sport vazirining ushbu sport inshootini ochish yo‘lida katta sa’y-harakat qilganini aytib, uning iste’fosi qabul qilinmaganini ham ma’lum qilgan.

“Ikki xalq o‘rtasida ilgari juda yaxshi aloqalar bo‘lgan, biroq siyosat ularni buzdi. Bugungi tadbir bu aloqalarni tiklash uchun muhim qadamdir. Bu yerda aniq g‘olib yo‘q – agar biri yutsa, boshqasi ham yutadi. Ikkala davlat ham katta zarar ko‘rdi. Endi bunga yakun yasab, tiklanish va rivojlanish vaqti keldi”, degan ash-Shara.

Yoshlar va sport vaziri o‘rinbosari Jamol Sharif o‘z nutqida Al-Fayha sport zali xalqaro standartlarga mos ravishda yangilanganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majmua Suriya sportining muhim ramzlaridan biri hisoblanadi va endilikda yana faoliyatini davom ettiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Basketbol Damashq Ahmad ash-Shara Jamol Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing