Umurzoqovning hokimligi – haqiqiy tragediya – Kusherboyev (video)
Jamiyat
−
21 may 13184 4 daqiqa
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Ekologiya qonunchligini takomillashtirish masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi, Oliy Majlisning sobiq deputati va jamoat faoli Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Toshkent shahrining hokimi Shavkat Umurzoqovning shahar hokimi ekanligi haqiqiy fojialigini aytib, Umurzoqov hokimlikda bo‘lgan vaqtidagi shaharda bo‘layotgan ishlarga keskin norozilik bildirib chiqish qildi.
Ekoqo‘mita raisi maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, daraxt kesishni tragediya, deb bilmaydigan shaxsning hokim bo‘lishi haqiqiy tragediya.
“Hokim buva” xato gapirganmidi?
Gap shundaki, yaqindagina Toshkent shahrining amaldagi hokimi Shavkat Umurzoqovning shahardagi daraxt kesilishi holatlari haqida gapirgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda aylanib, turli talqinlardagi munosabatlarga sabab bo‘layotgan edi. Intervyu davomida jurnalist “hokim buva”dan shahardagi daraxt kesilishi holatlariga qanday munosabatda ekanligi haqida so‘ragan. Umurzoqov esa, bunga salbiy munosabatda ekanligi aytgan.
Biroq uning ta’kidlashicha, xalq manfaati birgina daraxtning manfaatidan ustun va agar, xalq manfaati uchun bo‘lsa, daraxtlarni kesish go‘yoki joiz.
“Kasallanmagan bo‘lsa, u daraxt zaruratsiz kesib tashlangan bo‘lsa yoki shaxsiy ehtiyojiga bog‘langan bo‘lsa, albatta, unga fikrim salbiy. Biroq zararlangan daraxtni olib tashlash yoki biror-bir bundan ham yaxshi loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratish, ekologik yoki mana shu xalq manfaatini ko‘zlangan loyiha bo‘ladigan bo‘lsa, albatta bitta taroziga bitta daraxtni qo‘yish kerak emas. O‘sha xalq manfaati qayerda yuqori bo‘lsa, shuni ko‘rish kerak”, degan shahar hokimi.
Uning aytishicha, bitta daraxt kesilishini tragediya sifatida bilmaslik kerak, chunki daraxt ekadigan joylar ko‘p.
“Xudoga shukur, daraxt ekadigan joylarimiz ko‘p, ekologik muhitni yaxshilaydigan ishlarimiz turi ham ko‘p. Shularni amalga oshirishimiz kerak. Bitta daraxt kesilib qolsa yaxshi emas, lekin uni tragediya qilishimiz kerak emas”, deb ta’kidlagan Umurzoqov.
Kusherboyev nimadan norizo?
Hokimning bu fikri tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir vaqtda, kecha, 20 may kuni jamoat faoli Rasul Kusherboyev ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxt kesishni tragediya, deb bilmaydigan shaxsning hokim bo‘lishi haqiqiy tragediya.
Kusherboyevning ta’kidlashicha, Toshkent bugungidek qonunsizlikni, bugungidek yomon muhitni ko‘rmagan va u qonunsiz shaharga, hududga aylangan. Shu bilan birga, sobiq deputat hokimlikning hozirgi ishlariga keskin munosabatini ham aytib o‘tgan.
“Bitta daraxtni kesilishini tragediya qilish kerak emas, deb aytayotgan odamning o‘zini hokim bo‘lib turishi haqiqiy tragediya aslida. Bugun Toshkent qonunsiz shaharga, hududga aylandi. Bugun Toshkentda xususiy mulk daxlsizligi, Konstitutsiyadagi kafolatlarga tupurildi. Bugun Toshkentda xalqdan yo‘llar olinib, chizib-chizib qo‘yilib, pulli “parkovka”ga aylantirildi. Bugun Toshkentda tadbirkorlarning noroziligi ortyapti, ular sindirilyapti. Umuman aytganda, Toshkent bugungichalik qonunsizlikni, bugungichalik yomon muhitni ko‘rmagan. Mana haqiqiy fojia, haqiqiy tragediya mana shu. Ya’ni, mana shunday gaplarni aytayotgan, bitta daraxt kesishdan tragediya yasamanglar deb aytayotgan odamning o‘zi hokim ekanligi haqiqiy tragediya”, deb aytgan Kusherboyev.
Ekoqo‘mita raisi maslahatchisi o‘z munosabatida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yaqinda sodir bo‘lgan “ekoterror” holatini ham keltirib, unga hokimlikni asl aybdor sifatida sanagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik va hokim Umurzoqov mansabi sabab sodir etilgan qonunbuzarlik javobgarligidan qutulib qolmoqda.
“Yaqindagina Yakkasaroydagi 174 ta ko‘karib turgan daraxtni kesib tashlanishida bosh bo‘lgan odamlarni, mana shu hokimlikni boshida turgan odamni bunday gapirishi, umuman, so‘z boshqa – ish boshqa degan gapni anglatadi. Qizig‘i, mana shu kesilgan daraxtlar bo‘yicha ham javobgarlikdan mansabi bo‘lganligi uchun qutilib qolindi-da. Bunga oddiy obodonlashtirish xodimlari javobgar qilinyapti. Prokuratura afsus bu bo‘yicha ma’lumotlarni hali ochiqlamadi”, deb ta’kidlagan ekofaol.
Yakkasaroydagi “ekoterrorizm”
Avvalroq, Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani haqida Rasul Kusherboyevning o‘zi xabar qilgan edi. Dastlabki o‘rganishlarda Yakkasaroy tumanining Nukus ko‘chasi va Bobur ko‘chasi kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘li yonidagi jami 144 tup daraxt (mojjevelnik) kesib ketilgani aniqlangandi. Keyinchalik, bu nest-nobud bo‘lgan daraxtlarning adadi 174 taga yetgani ma’lum qilingandi.
Mazkur holat yuzasidan Ekologiya inspektori tomonidan tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 1 milliard 460 million 952 ming so‘m zarar hisoblangani xabar qilingan edi.
“Bugun ekologiyaning dushmani – hokimiyatlar. Toshkent shahrida ekologik vaziyatning yomonlashishiga Toshkent shahar hokimiyati aybdor. Ular kestirtiryapti. Ular rasvo qilyapti”, degan edi o‘sha vaqtdagi o‘z videomurojaatida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rais maslahatchisi Rasul Kusherboyev.
O‘sha vaqtdagi guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga binoan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may