Avstriya afg‘onistonliklarni O‘zbekiston orqali deportatsiya qilmoqchi
Olam
−
01 may 3103 2 daqiqa
Joriy yilning 7 may kuni Avstriya Tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Rayzinger va Ichki ishlar vaziri Gerxard Karner “Mobillik to‘g‘risidagi bitim”ni imzolash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda “Die Presse” xabar berdi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligining nashr so‘roviga bergan javobiga ko‘ra, ushbu murakkab nom ostida kelgusida deportatsiya masalalarida “yaxshiroq hamkorlik qilish” kelishuvi yotibdi. Xususan, Avstriya o‘z vataniga deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan afg‘onistonliklarni avstriyalik kuzatuvchilar hamrohligida qo‘shni O‘zbekiston orqali o‘z manzillariga yetkazishni maqsad qilgan.
“Shu paytgacha Afg‘onistonga deportatsiya qilish faqat Istanbul aeroporti orqali amalga oshirilar edi, endi esa Qobulga “ikkinchi darvoza” ochilmoqda”, deyiladi xabarda.
Karnerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv bilan “qat’iy va adolatli boshpana siyosatining bir qismi sifatida deportatsiyani izchil amalga oshirish uchun sharoit” yaratiladi. Bitimda, shuningdek, O‘zbekiston orqali Yevropa Ittifoqiga kirib borgan o‘z fuqarolarini, uchinchi davlat fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qayta qabul qilish masalalari ham tartibga solinadi. Avstriya va Yevropa Ittifoqining yana to‘rtta davlati (Germaniya, Gretsiya, Niderlandiya va Daniya) birgalikda ilgari surayotgan rad etilgan boshpana izlovchilar uchun maxsus qaytarish markazlari (hozircha) kelishuvning bir qismi emas.
Shu bilan birga, Maynl-Rayzinger Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng qonuniy immigratsiya yo‘llari “mustahkam huquqiy asosga” ega bo‘lishini aytgan.
“Har ikki tomon o‘z qoidalariga muvofiq ikki mamlakat o‘rtasida malakali ishchilarning xavfsiz, tartibli va muntazam harakatlanishini rag‘batlantirish majburiyatini oladi”, deyiladi bo‘lajak bitimda.
Hozirning o‘zidayoq o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun “Avstriya mehnat bozoriga kirish uchun ko‘plab imkoniyatlar” mavjudligi aytilmoqda.
O‘zbekistondan tashqari, hukumatning ikki a’zosi kelasi hafta Avstriya uchun ayniqsa energetika sohasida katta ahamiyatga ega bo‘lgan Qozog‘istonga ham tashrif buyuradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oktyabr oyida Niderlandiya nashrlari mamlakat hukumati afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yuborish niyatida ekani haqida yozgan edi. Shuningdek, o‘shanda Germaniya O‘zbekistonni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirgani aytilgandi.
Live
Barchasi