AYOQSHlarda naqd puldan voz kechilmoqda. Qulaylikmi yoki yangi muammo?

Intervyu

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri – avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida (AYOQSH) naqd puldan voz kechish va to‘lovlarni faqat elektron shaklda amalga oshirish tartibi bo‘lib turibdi. 2026 yil 1 apreldan kuchga kirgan ushbu tizim shoxobchalarda uzun navbatlar, qo‘shimcha komissiya to‘lovlari va bir qator tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi.

Naqd pulni yoqilg‘i uchun kartasiga o‘tkazayotgan fuqaro 3 foizgacha komissiya to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Masalan, 100 000 so‘m yoqilg‘i quyish uchun haydovchi o‘z hamyonidan yana qo‘shimcha 3-4 ming so‘m sarflayapti. Aholida raqamli savodxonlikni yetishmasligi va operatorlarning yangi tizimga o‘tish bosqichi sabab ko‘plab shoxobchalarda navbatlar yuzaga kelmoqda.

Ba’zilar kredit majburiyatlari sababli kartaga pul tushishi bilan bank avtomatik ravishda kredit qarzdorligini yechib olayotgani, oqibatda haydovchi benzin ololmay, chorasiz qolayotganidan nolimoqda

Bank-moliya akademiyasi professori To‘lqin Boboqulov esa ushbu vaziyatni huquqiy nuqtai nazardan tanqid ostiga oldi. Ekspertning fikricha, naqd pulni ma’muriy cheklash bir necha qonunlarga ziddir:

  • Qiymatlar tengligi: Qonun bo‘yicha 1 so‘m naqd va 1 so‘m naqdsiz pulning qiymati teng. Biroq 3 foizlik komissiya bu tenglikni buzib, naqd pulning qadrini pasaytirmoqda.
  • Huquqiy iyerarxiya: “Pul tizimi to‘g‘risida”gi qonun va Markaziy bank haqidagi qonunlarda so‘m yagona va cheklanmagan to‘lov vositasi ekani belgilangan. Professorning ta’kidlashicha, qonun osti hujjati (Farmon) qonun talablariga zid bo‘lishi mumkin emas.
  • Iste’molchi huquqlari: Xizmat ko‘rsatishda to‘lov shaklini cheklash – iste’molchi huquqlarini qo‘pol ravishda buzishdir.

Professor Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda (masalan, Yevropada) naqd pulni ma’muriy taqiqlash yo‘q. Aksincha, tadbirkorning o‘zi naqd pul bilan ishlashdan manfaatdor bo‘lmagan sharoit yaratilgan (inkassatsiya xarajatlari tufayli). O‘zbekistonda esa rag‘batlantirish o‘rniga majburlash yo‘li tanlangan.

“Odamlarning o‘zi naqd puldan foydalanishdan manfaatdor bo‘lmasligi kerak. Buning uchun soliq imtiyozlari yoki chegirmalar berish lozim edi”, deydi ekspert.

Hozircha vaziyat haydovchilarga unchalik noqulayliklar tug‘dirmayapti. Biroq qish oylarida energetik cheklovlar va sovuq sharoitda yoqilg‘i shoxobchalaridagi ushbu raqamli to‘siqlar yana noroziliklarga olib kelishi mumkinligi haqida haydovchilar ogohlantirmoqda.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

gaz naqd pul AYoQSh benzin iste'molchi foiz metan zapravka To'lqin Boboqulov avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing