Ayol erini sehr-jodu bilan o‘ldirmoqchi bo‘ldi

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahrida Oila sudi ayol eriga nisbatan sehr-jodu qilgani uchun juftlikni ajratishga qaror qildi. Bu haqda “Oda TV” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Istanbulda yashovchi Z.T. ismli erkak va N.T. ismli ayol 2004 yilda turmush qurgan. Juftlikning ushbu nikohdan ikki nafar farzandi dunyoga kelgan. Da’voga ko‘ra, Z.T. ismli erkak bir kuni ertalab uyg‘onganida xotini N.T.ning qo‘lida qaychi bilan sochini kesayotganini ko‘rib qolgan. Z.T. xotinidan nega bunday qilayotganini so‘raganida, “Kasal bo‘lib o‘lishing uchun senga sehr-jodu qilyapman”, degan javobni olgan. 

Qattiq shokka tushgan Z.T. o‘sha kunining o‘zida uyning hamma joyini qidirib chiqqan. Uyning turli burchaklaridan 5-6 ta muhrlangan tumor topib olgan Z.T. ularni yashirib qo‘ygan. Shundan so‘ng u xotini N.T.ni yaqindan kuzata boshlagan. Da’voga ko‘ra, u xotinining telefonida boshqa bir erkak bilan yozishmalarini ko‘rib qolgan. Xotinini kuzatishda davom etgan Z.T. uning bir erkak bilan yaqin munosabatda uchrashib yurganini bilib olgan.

Xiyonatga uchraganini bilgan Z.T. qo‘lidagi tumorlarni va xotinining xushtori bilan yozishmalarini dalil sifatida taqdim etib, ajrashish uchun sudga da’vo arizasi kiritgan. Istanbul Oila sudiga taqdim etilgan arizada shunday deyilgan: 

“Xotinim menga xiyonat qildi. U tinmay menga sehr-jodu qilib keladi. Xotinim butun kunini ko‘chada xushtori bilan o‘tkazadi. Muntazam ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qiladi, uy va bolalar parvarishi bilan shug‘ullanmaydi. Menga o‘lim sehrini qilgan va xiyonat qilgan xotinim N.T. bilan ajrashishni xohlayman. Menga ma’naviy zarar yetkazgani uchun N.T. dan 700 ming lira tovon puli undirilishini so‘rayman”.

Qarshi da’vo arizasi bilan chiqqan N.T. ismli ayol esa sehr-jodu haqidagi ayblovlarni rad etgan. Da’vo arizasida eriga hech qachon sehr qilmaganini, uydan topilgan tumorlar esa shunchaki baraka duosi ekanini iddao qilgan 

“Haddan tashqari ziqna bo‘lgan erim uy ehtiyojlari yoki shaxsiy xarajatlarim uchun mendan tinmay cheklarni va hisob-kitoblarni talab qiladi. Bunday hayot men uchun chidab bo‘lmas darajaga keldi. Oilamiz poydevori darz ketishida aslida erim bosh aybdordir”, deya eridan 200 ming lira tovon puli talab qilgan N.T.

Sud Z.T. tomonidan taqdim etilgan tumorlarning haqiqatan ham sehr-jodu ekanligini aniqlash uchun ularni ekspertga yuborgan. Arab tili tarjimoni bo‘lgan ekspert tumorlardagi yozuvlarni o‘qiy olmagach, masjid imomidan yordam so‘ragan. Tumorlarni o‘qigan masjid imomi buning haqiqatan ham sehr-jodu ekanini va agar ushbu yozuvlar qo‘lda qaytadan ko‘chirib yozilsa, sehr yana kuchga kirishi mumkinligini aytgan. Ekspert ham sudga taqdim etgan o‘z xulosasida masjid imomining so‘zlarini keltirib, tumorlar sehr-jodu ekanini, ushbu sehr matnini qog‘ozga tushira olmasligini, aks holda jodu qaytadan kuchga kirishi mumkinligini bayon qilgan.

Sud o‘z qarorini e’lon qilib, har ikki tomonni ham teng darajada aybdor deb topgan va juftlikni rasman ajratgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Dushanbe shahrida 38 yoshli mahalliy turg‘un folbinlik va sehr-jodu bilan shug‘ullangani uchun jarimaga tortilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya sehr-jodu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing