Ayol jazmani bilan yollanma qotil orqali erini o‘ldirmoqchi bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
06 mart 19709 2 daqiqa
Namangan viloyatining Davlatobod tumanida jazmani bilan birgalikda yollanma qotil orqali erini o‘ldirishga uringan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida joriy yilning 4 mart kuni Davlatovobod tumanida yashovchi ayol o‘zining jazmani bilan oldindan jinoiy til biriktirib, shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan turmush o‘rtog‘ini notanish shaxs orqali 6000 AQSH dollar evaziga o‘ldirishni rejalashtirayotgani haqida tezkor ma’lumot olingan.
Shundan so‘ng Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etilib, buyurtmachilar Telegram messenjeri orqali shartli qotil bilan suhbatlashib, shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘ini Cobalt avtomashinasida yolg‘iz yurishini, Andijon-Namangan yo‘lidagi ovloq joyida o‘ldirib, avtomashinasini yoqib yuborish kerakligini hamda evaziga 6000 AQSH dollari berishlarini aytgan.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan jabrlanuvchi o‘ldirilgani aks etgan qotillik jinoyati sahnalashtiriladi va shartli qotil ushbu holatni videotasvirga olib, buyurtmachi ayol va uning jazmaniga videoni ko‘rsatadi. Buyurtmachilar kelishilgan pul mablag‘idan 5500 AQSH dollarini shartli qotilga berayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida tadbirkorni 1500 dollar evaziga o‘ldirishga kelishgan yollanma qotil va uning sheriklari qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi