“Bizga nima qilish kerakligini o‘rgatma”. Kuba Prezidenti Trampga murojaat qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kuba davlatiga endi Venesueladan neft va pul bormasligini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 11 yanvar kuni o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampning aytishicha, Kuba uzoq yillar davomida Venesueladan olayotgan neft va moliyaviy yordamdan endi mahrum bo‘ladi. Tramp bu yordam evaziga Kuba Venesueladagi so‘nggi ikki “diktator”ga xavfsizlik xizmatlari ko‘rsatib kelganini, biroq endi bu amaliyot tugaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela endi “banditlar va tovlamachilar” himoyasiga muhtoj emas, chunki mamlakatni bundan buyon AQSH armiyasi himoya qiladi.

“Endi Kubaga na neft, na pul keladi – nol. Juda kech bo‘lib qolmasdan turib, ularga kelishuv tuzishni qat’iy tavsiya qilaman”, deya yozgan Tramp. 

Bunga javoban Kuba Tashqi ishlar vazirligi Kuba hech qachon va hech bir davlatdan xavfsizlik xizmatlari evaziga pul yoki moddiy kompensatsiya olmaganini bildirgan. TIV rahbari Bruno Rodriges Parrilyaning aytishicha, AQSHdan farqli o‘laroq, Kubada yollanma askarlik, shantaj yoki boshqa davlatlarga nisbatan harbiy bosim bilan shug‘ullanuvchi hukumat yo‘q. U huquq va adolat Kuba tomonida ekanini, AQSH esa nafaqat Kuba va mintaqa, balki butun dunyo tinchligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan “jinoyatchi gegemon” sifatida harakat qilayotganini ta’kidlagan.

Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel esa mamlakat 66 yildan beri AQSH tajovuziga uchrab kelayotganini aytgan. U Kubani erkin, mustaqil va suveren davlat deb atab, hech kim mamlakatga nima qilishni buyura olmasligini bildirgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Kuba hech kimga hujum qilmaydi, biroq 66 yildan beri AQSH bosimiga duch kelmoqda va vatanini oxirgi tomchi qongacha himoya qilishga tayyor.

Qayd etish joiz, yanvar oyi boshida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi AQSH tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng, Tramp Kubaga ham tahdid qilgan, mamlakatni “juda ayanchli ahvolda” deb atagan. Shuningdek, u Kolumbiyani ham tanqid qilib, Prezidentini kokain ishlab chiqarishda ayblagan. Bir necha kundan keyin Tramp yana Kubaning “soch tolasi bilan osilib turgani” va “katta muammoga duch kelgani”ni aytgan. Kuba rasmiylari esa Maduro ag‘darilgach, AQSHning Karakasdagi operatsiyasi vaqtida Kuba qurolli va razvedka kuchlariga mansub 32 nafar kubalik halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Venesuela rasmiylaridan Rossiya, Kuba, Xitoy va Erondan kelgan maslahatchilarni mamlakat hududidan chiqarib yuborishni talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Kuba Migel' Dias-Kanel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing