Tramp Janubiy Koreya mahsulotlariga bojlarni 25 foizga oshirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreyadan olib kiriladigan tovarlarga nisbatan boj stavkalari 15 foizdan 25 foizgacha oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

Uning aytishicha, bu qarorga Janubiy Koreya parlamenti avval kelishilgan savdo bitimini hali ham tasdiqlamagani sabab bo‘lgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi bojlar avtomobillar, yog‘och mahsulotlari, farmatsevtika mahsulotlari hamda “boshqa o‘zaro tariflar”ga taalluqli.

“Prezident Li Chje Myon va men 2025 yilning 30 iyul kuni ikki davlat uchun ham juda yaxshi bo‘lgan kelishuvga erishgan edik va men 29 oktyabr kuni Janubiy Koreyaga tashrifim chog‘ida uning shartlarini yana bir bor tasdiqlaganmiz. Nega koreys qonunchilik organi hanuzgacha bu kelishuvni tasdiqlamadi? Ular tarixiy savdo bitimimizni qabul qilmagani sababli, bu albatta ularning huquqi, men Janubiy Koreya tovarlariga qo‘yilgan bojlarni oshirishga qaror qildim”, deya yozgan Oq uy rahbari. 

Qayd etish joiz, Tramp 2025 yil 29 oktyabr kuni AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasida bojlar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi. Shundan avval u aynan shu kelishuv tufayli tariflarni 25 foizdan 15 foizgacha pasaytirganini e’lon qilgan.

Keyinchalik AQSH Prezidenti Seul bojlarni kamaytirish evaziga 350 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lganini ham bildirgan. Bundan tashqari, Janubiy Koreya AQSHdan katta hajmda neft va gaz sotib olishga ham kelishib olgan. Trampning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya kompaniyalarning AQSHga kiritadigan investitsiyalari 600 milliard dollardan oshadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Janubiy Koreya Li Chje Myon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing