Bog‘chadagi zaharlanishlar va tarqalayotgan qizamiq. Mas’ullar “tilga kirdi”
Jamiyat
−
25 fevral 2587 3 daqiqa
Milliy matbuot markazida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi tomonidan 2025 yil yakunlari va 2026 yilgi rejalar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Farg‘ona viloyatida bolalar bilan kuzatilgan ommaviy zaharlanish holati, oziq-ovqat xavfsizligi va yuqumli kasalliklar statistikasi bo‘ycha ma’lumotlar berildi.
Bundan bir necha kun avval Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalarda 60 nafardan ortiq bola ovqatdan zaharlangani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ovqatlar markazlashgan tarzda plastik idishlarda yetkazib berilgan, ayrim ota-onalar esa bu tartibga avvaldan qarshi ekanligini bildirgan. Mazkur holat yuzasidan mutasaddilardan nazorat mexanizmi, profilaktik tekshiruvlar va yirik miqyosda ovqat yetkazib beruvchi korxonalar ustidan kuzatuv qay darajada amalga oshirilayotgani haqida izoh so‘raldi.
“Farg‘ona viloyatida Farg‘ona shahrining 2-, 58-, 61- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar orasida guruhli kasallanish qayd etilgan. Kasallanganlarning umumiy soni 62 nafarni tashkil etib, 23 fevral kuni ikki nafariga, 24 fevralda 11 nafariga salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun uylariga javob berilgan. Hozir Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari, laboratoriya mutaxassislari Farg‘ona viloyatida ishlayapti va guruhli kasallanish kelib chiqish sabablarini aniqlashga harakat qilyapti. Gap shundaki, Farg‘ona viloyatida maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ovqatlantirish xizmatini katering tashkiloti amalga oshiradi va agar muammo faqat kateringning o‘zida bo‘lganda, aytaylik, katta miqdordagi bolalar zaharlanish ehtimoli bor edi. Biz hozirgi dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, faqat bir yo‘nalishda olib borilgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgan bolalar orasida ko‘ngil aynish, ich ketishi, holsizlik, qayt qilish kabi klinik belgilari kuzatilgan. Autsorsing tizimi, katering tizimi dunyoda o‘zini oqlagan va har tomonlama, aytaylik, sifatli xizmat ko‘rsata oladigan tizim sifatida o‘zini namoyish qilgan. Albatta, bu tizimga nisbatan mening fikrim faqat ijobiy. Negaki, aynan o‘zimizda ovqat pishirilsin, o‘zimiz pishirib yetkazamiz, o‘zimiz bolalarni boqamiz degan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sodir bo‘lgan voqealarning haqida juda ko‘p eshitganmiz. Yo masalliq yetmagan, yo sifatsiz mahsulot qo‘ygan, yo masalliqdan urib qolingan holatlar juda ko‘p bo‘lgan”, dedi Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.
2025 yilda ham Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda qariyb 2000 nafar bola ommaviy zaharlangani jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg‘otgan edi. Hozirda ushbu holat yuzasidan ish sudda ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, Samarqandda muddati o‘tgan yoki sifatsiz go‘sht yetkazib berilgani haqidagi xabarlar ham oziq-ovqat xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqqan. Mazkur holatlar fonida bolalarning ayni paytdagi salomatligi, shuningdek, respublikadagi oziq-ovqat korxonalari ustidan nazorat qay darajada kuchaytirilgani haqida savollar yangradi. Sanitariya epidemiologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ushbu savollarga javob berib, holat yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilgani, ish sudda ekani va nazorat tadbirlari kuchaytirilayotganini ma’lum qildi.
“Haqiqatan, 2025 yil Toshkent viloyatida 1922 nafar bolaning zaharlanganligi haqida xabarimiz bor. Albatta, mas’ullarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Haliyam o‘sha surishtiruv ishlari davom etyapti. Aybdorlar aybiga yarasha javobini olishi muqarrar. Lekin eng asosiysi, o‘sha zaharlanish holati qayd etilgan bolalarning barchasining salomatligi kuzatuv ostida bo‘lgan. Birorta jiddiy asorat bo‘lmagan. Esingizda bo‘lsa, bemorlarning oxirgisi yotgan kunidan to‘rt kundan keyin shifoxonadan chiqarilgan. Albatta, o‘sha holat bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan 1600 dan ko‘proq maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va 28 ta holatda sanitariya qoidalarini qo‘pol ravishda buzilish holatlari bo‘lgan va 19 muassasada tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga jalb qilish holatlari qayd etilgan. Albatta, bular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan shaxslar barchasi ishdan chetlatilgan. Hozir bu tadbirlar davom etyapti”, dedi Nurmat Otabekov.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi