Jinoiy ishni “bosdi-bosdi” qilmoqchi bo‘lgan inspektor ushlandi
3-sahifa
−
30 aprel 6613 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida fuqaroga yetkazilgan tan jarohati bo‘yicha ishni “bosdi-bosdi” qilmoqchi bo‘lgan profilaktika inspektori qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika inspektori joriy yil fevral oyida 1990 yilda tug‘ilgan I.Saidov yetakchiligidagi jinoiy guruh tomonidan 1994 yilda tug‘ilgan fuqaroga yetkazilgan tan jarohati bo‘yicha holatni “bosdi-bosdi” qilib berish evaziga undan olgan 2700 AQSH dollaridan muqaddam 1000 dollarini jabrlanuvchiga bergan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda profilaktika inspektori jabrlanuvchiga 300 AQSH dollari bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, profilaktika inspektorining mazkur noqonuniy harakatiga aloqador bo‘lgan hamkasbini ham jinoyat ishiga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 63 ming dollar pora talab qilgan Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi