Boy amerikaliklar AQSHdan “qochmoqchi” – OAV

Olam

image

Immigratsiya masalalariga ixtisoslashgan yuristlar va xususiy kompaniyalar xorijda ikkinchi pasport yoki yashash huquqini olishni istayotgan amerikalik mijozlar sonining keskin oshganini qayd etmoqda. Bu haqda CNBC xabar berdi.

Telekanalning qayd etishicha, ko‘plab boy amerikaliklar navbatdagi prezidentlik saylovlarida kim g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar siyosiy va ijtimoiy tartibsizliklardan xavotirda. Saylovlardan keyin chet elga ko‘chish haqidagi gaplar odatiy hol, ammo immigratsiya bo‘yicha maslahatchilar bu safar ko‘plab badavlat fuqarolar allaqachon amaliy choralar ko‘rayotganini aytmoqda.

“Biz hech qachon hozirgidek talabni ko‘rmaganmiz”, deydi boy amerikaliklarga migratsiya masalalarida maslahat beradigan Henley & Partners kompaniyasi guruh rahbari Dominik Volek.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan xorijga ko‘chishni rejalashtirayotgan amerikaliklar soni kamida 30 foizga ko‘paygan, ularning ulushi esa boshqa davlat fuqarolaridan oshib ketgan.

Arton Capital kompaniyasining so‘roviga ko‘ra, amerikalik millionerlarning 53 foizi saylovdan keyin kim g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar AQSHni tark etish ehtimoli juda yuqori ekanini aytgan. Eng ko‘chishga moyil toifa badavlat yoshlar – 18-29 yoshdagilarning 64 foizi xorijga investitsiya orqali olinadigan “oltin vizalar”ni olishga “juda qiziqayotganini” bildirgan.

CNBC’ning qayd etishicha, juda boy kishilar tobora ko‘proq bir davlat fuqaroligini shaxsiy va moliyaviy xavf sifatida ko‘rayapti. Ular qanday qilib investitsiyalarini diversifikatsiya qilishsa, xuddi shunday “pasport portfellarini” ham tuzib, “mamlakat xavflarini xedj (xavflarni kamaytirish yoki oldini olish uchun qo‘llaniladigan himoya strategiyasi) qilmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 30 dan ortiq davlat fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

amerikalik AQSh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing