Centrum Air yo‘lovchilari bir sutkadan ortiq aeroportda qolib ketdi

Jamiyat

image

Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli samolyotda yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli Qozon–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan reys 27 soatga kechiktirildi. Oqibatda 200 dan ortiq yo‘lovchi Qozon xalqaro aeroporti hududida qolib ketdi. Bu haqda aviakompaniya o‘zining rasmiy Telegram sahifasida xabar berdi.

Qayd etilishicha, reys 21 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:30 da amalga oshirilishi belgilangan, biroq texnik muammo sabab parvoz bir necha bor ortga surilgan. Xususan, yakshanba, 21 dekabr kuni reys vaqti kamida to‘rt marta o‘zgartirilgan, avval 10:30 ga, keyin 12:00 va 15:00 ga qoldirilgan. Oxir-oqibat parvoz 22 dekabr kuniga ko‘chirilgan.

Kun davomida yo‘lovchilarga aniq va barqaror ma’lumot berilmagan. Dastlab reys qoldirilgani e’lon qilingan, keyin esa yo‘lovchilarga bagajni olib ketish va bilet puli 30 kun ichida qaytarilishi mumkinligi aytilgan. Kechga borib esa samolyot uchishi mumkinligi bildirilgan.

Centrum Air’ning Qozon aeroportidagi vakiliga ko‘ra, samolyot g‘ildiragida texnik nosozlik aniqlangan. Uni almashtirish kechga qadar davom etgan. Keyinchalik ekipaj a’zolarining dam olishi zarurligi sabab reys ertalabga qoldirilgan.

Biroq 22 dekabr kuni soat 07:30 ga belgilangan reys ham o‘z vaqtida uchmagan. Yo‘lovchilar soat 09:20 da samolyot bortiga chiqarilgan va u yerda yana uch soatdan ortiq vaqt kutishga majbur bo‘lgan. Aviakompaniya vakillari bu holatni Rossiya tomoni parvozga ruxsat bermayotgani bilan izohlagan.

Natijada 214 nafar yo‘lovchi 21 dekabr soat 09:00 dan 22 dekabr 12:30 ga qadar – jami 27 soatdan ortiq vaqt davomida aeroportda qolib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot 22 dekabr kuni tushdan keyin parvoz qilgan.

Yo‘lovchilarga 21 dekabr kechqurun mehmonxona taklif qilingan. Biroq ko‘pchilik bunga rozi bo‘lmagan.

Centrum Air aviakompaniyasi Telegram-kanali orqali dastlab reys “texnik sabablarga ko‘ra soat 15:00 ga qoldirilgani”ni ma’lum qilgan. Keyinroq esa Qozon aeroportidagi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berib, yo‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotganini bildirgan.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, yo‘lovchilarga suv va issiq ovqat taqdim etilgan, 214 nafar yo‘lovchini mehmonxonalarga joylashtirish uchun arizalar yuborilgan. Mehmonxonaga joylashishni istaganlar “Tri A” va “Amaks” mehmonxonalariga yo‘naltirilishi aytilgan. 

Samolyot g‘ildiragini almashtirish jarayoni Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar sabab qiyin kechgan va ko‘p vaqt olgan.

Kompensatsiya sifatida aviakompaniya yo‘lovchilarga keyingi reyslar uchun 25 foizlik chegirma beruvchi promokod, bepul o‘rindiq tanlash va qo‘shimcha bagaj huquqini taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Centrum-Air” bir o‘ringa ikki chipta sotgani, yo‘lovchilar samolyotga sig‘magani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

aviakompaniya reys Centrum Air Qozon–Toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing