Daniyada yangi hukumat tuzildi
Olam
−
02 iyun 1774 2 daqiqa
Kecha, 2 iyun kuni Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen parlament saylovlaridan bir necha oy o‘tib chap-markazchi koalitsion hukumatni shakllantirishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kamchilik hukumatini tuzish bo‘yicha kelishuv Frederiksenga ketma-ket uchinchi muddatga Bosh vazir lavozimini egallash imkonini beradi. Bu bilan mart oyidagi saylovlardan so‘ng boshlangan bir necha oylik mavhumlikka chek qo‘yildi. Ma’lumot o‘rnida, o‘sha saylovlar natijasida Daniya parlamentidan 12 ta partiya joy olgan edi.
“Men A’lo hazratlari Qirol huzurida bo‘ldim va uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng hukumat shakllantirilishi mumkinligini ma’lum qildim”, deydi Frederiksen.
Ham Sotsial-demokratlar, ham o‘ng liberallar yangi hukumatga rahbarlik qilishga intilgan ikki oydan ortiq davom etgan muzokaralardan so‘ng 48 yoshli Frederiksen parlamentdagi partiyalar tomonidan zarur bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashga erishgan.
“Bu Daniyada yashayotgan insonlar, kelajak avlodlar va shuningdek, hayvonlar uchun mo‘ljallangan hukumat platformasidir”, deydi u.
Frederiksenning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning umumiy ustuvor yo‘nalishlari bugun, 2 iyun kuni taqdim etiladi, vazirlar esa ertaga, 3 iyun kuni tayinlanadi.
Yangi hukumat tarkibiga Sotsial-demokratlardan tashqari Sotsial-liberallar, “Chap yashillar” va markazchi “Mo‘’tadillar” partiyasi kiradi. Ular parlamentdagi ko‘pchilikni ta’minlash uchun asosan o‘ta chapchi “Qizil-yashil alyans”ga tayanadi, shuningdek, alohida ovoz berish jarayonlarida boshqa partiyalarning ham ko‘magini izlashi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, yangi hukumat Frederiksenning chap qanotga tomon burilganidan dalolat beradi. Vaholanki, u so‘nggi to‘rt yil davomida chap va o‘ng kuchlarni – o‘zining Sotsial-demokratlari, “Mo‘’tadillar” va Liberallarni birlashtirgan noodatiy koalitsiyaga rahbarlik qilib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vaziri Troyels Lund Poulsen boshchiligidagi o‘ng-markazchi kuchlar bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan keyin Frederiksen hukumatni shakllantirish uchun yana bir bor imkoniyatga ega bo‘lgan. O‘ng Liberallar partiyasi yetakchisi Poulsendan may oyi boshida Frederiksenning koalitsiya bo‘yicha dastlabki muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng hukumat tuzish variantlarini o‘rganib chiqish so‘ralgan edi. O‘shanda “Mo‘’tadillar” partiyasi muzokaralardan chiqib ketgandi.
Live
Barchasi