Elchixonalarda tadbirkorlar uchun koll-markaz tashkil qilinishi mumkin

Jamiyat

image

Xorijda yuzaga kelayotgan muammolarni tez va samarali bartaraf etish uchun O‘zbekiston elchixonalarida koll-markazlar tashkil etilishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 17 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan elchilar va tadbirkorlar ishtirokidagi ochiq muloqotda so‘z bordi. 

Uchrashuv davomida tadbirkorlar xorijiy bozorlarga chiqish, investitsiya jalb etish hamda xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan elchilar bilan bevosita muloqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Tadbirkor Faxriddin Ilyosovning fikricha, o‘z majburiyatini bajarmayotgan xorijdagi hamkorlar bilan sudma-sud yurishdan ko‘ra, ba’zan O‘zbekiston elchixonasining aralashuvi samaraliroq bo‘ladi. U o‘zbekistonlik tadbirkorlar shunday vaziyatlarda elchixonalardan ko‘mak olishi uchun koll-markazlar tashkil etishni taklif qilgan.  

“Chet eldagi kontr-agentlarimiz bilan muammolar bo‘lib turadi. Deylik, mahsulotni yoki pulimizni berishmaydi. Bu bo‘yicha sudlashamiz, sudlarda yutamiz, lekin o‘sha davlatda ta’sir doiramiz kichkina bo‘lgani sababli, xalqaro sudlarda yutgan taqdirimizda ham pulimizni ololmay qiynalib yuramiz”, deydi tadbirkor Ilyosov. 

Shuningdek, u elchixonadagi koll-markazga tadbirkorlar tomonidan bo‘ladigan shikoyatlar asosida o‘sha mamlakatdagi korxonalarning “qora ro‘yxati” ham tuzilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Muloqotga raislik qilgan Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorning taklifni qo‘llab-quvvatlab, tegishli topshiriqlar bergan.

“Menimcha, juda to‘g‘ri fikr. Ko‘p elchilarimizda, ayniqsa Rossiyada koll-markazi bor. Tadbirkorlarga ham shunday koll-markaz va shu kompaniyalar bilan ishlamanglar degan “qora ro‘yxat”ni ham qilish huquqiy tomondan qiyin bo‘lmasa kerak. Agar har bir elchixonamiz o‘zining veb-saytida tadbirkorlar uchun koll-markaz qilib qo‘ysa, menimcha, juda qulay bo‘ladi”,  deydi Bosh vaziri o‘rinbosari.

Mazkur tadbir Prezident tomonidan belgilangan eksportni kengaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlarni tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uchrashuv davomida barcha takliflar joyida rejali ishlab chiqish uchun mas’ullarga yuklatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Elchixona koll-markaz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing