Endi migrantlarning jasadini qaytarish xarajatlarini davlat qoplaydi
Jamiyat
−
18:37 1412 1 daqiqa
Mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadini O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq xarajatlar endilikda davlat tomonidan qoplanadi. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar asosida “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha band kiritilishi orqali belgilandi.
Yangi normalarga ko‘ra, mehnat migratsiyasi davrida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini olib kelishni tashkil etish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi orqali belgilangan tartibda ajratiladi.
Mazkur qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 1 iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan esa 2025 yil 4 cyentyabrda ma’qullangan.
Qayd etilishicha, ushbu norma mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning oila a’zolarini ortiqcha moliyaviy xarajatlardan xalos qilishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada fojeali tarzda vafot etgan o‘zbekistonlik ayolning jasadi ikki farzandi bilan birga O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi