Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun shartlarini aytdi
Olam
−
09:22 5189 2 daqiqa
Eron ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklashga tayyor. Bu haqda “Tasnim” axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, bo‘g‘oz faoliyatini qayta tiklash quyidagi shartlarga bog‘liq:
- sanksiyalarning kafolatli bekor qilinishi;
- Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy bazalarining yopilishi;
- muzlatilgan Eron aktivlarining blokdan chiqarilishi;
- dollardan tashqari valyutalarda savdoni rivojlantirish.
Tehron avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotida qatnashmayotgan ayrim davlatlar kemalariga Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat berilganini ma’lum qilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy bo‘g‘oz to‘liq yopilmaganini, ammo u orqali kemalar harakati faqat ma’lum shartlar asosida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. U bu shartlarning aniq tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Bundan avval yuqori lavozimli eronlik amaldor CNN telekanaliga bergan intervyusida Tehron neft tankerlarini cheklangan tarzda o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani, bunda yuklar Xitoy yuani orqali savdo qilinishi mumkinligini aytgan.
Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa ayrim davlatlar kemalarining bo‘g‘ozdan o‘tishi uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil elchilarini chiqarib yuborish sharti qo‘yilganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizigacha qismi o‘tadi. Shu sababli u dunyodagi eng muhim energetik yo‘llardan biri hisoblanadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotni boshlaganidan so‘ng, Eron amalda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini cheklab qo‘ydi. Oqibatda, Fors ko‘rfazi davlatlaridan chiqadigan yoqilg‘i tashuvchi tankerlar harakatining qiyinlashuvi sabab, dunyoda energiya narxlari keskin oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eronning harbiy salohiyati to‘liq yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi, biroq mamlakat hali ham kemalar qatnoviga nuqtali zarbalar berishga qodirligidan ogohlantirgandi.
Live
Barchasi