Boshpana so‘rashdan bosh tortgan eronlik futbolchilar Ummonga uchib ketishdi

Sport

image

Avstraliyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan, biroq keyinchalik bu qaroridan qaytgan Eron ayollar futbol terma jamoasining besh nafar a’zosi kecha, 16 mart kuni Kuala-Lumpurdan Ummonga uchib ketdi. Bu haqda ABC telekanali Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) vakillariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, futbolchilar jo‘nab ketishdan avval Kuala-Lumpurda Eron elchixonasi vakillari bilan uchrashib, keyingi safarlarini muvofiqlashtirish uchun zarur protseduralarni bajargan. OFK bosh kotibi Vindsor Jon ularning kayfiyati yaxshi bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, konfederatsiya futbolchilarning Ummonga yetib borgach, qanday rejalari borligi haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan, chunki parvoz Eron elchixonasi tomonidan tashkil etilgan.

Manbaga ko‘ra, ular yakunda Tehronga qaytishi kutilmoqda.

Avvalroq Eron ayollar terma jamoasining yetti nafar a’zosi Avstraliyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan edi. Keyinchalik ularning besh nafari bu qaroridan voz kechib, Eron diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilgan. Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berk mamlakat rasmiylari futbolchilarga Avstraliyada qolish imkoniyatlarini bir necha bor tushuntirganini ma’lum qilgan, biroq ayrim OAV xabarlariga ko‘ra, ushbu futbolchilarga mamlakatida oila a’zolariga bosim o‘tkazilgan holda Eronga qaytishga majbur qilingan.

Xabarlarga ko‘ra, hozirda ikki nafar futbolchi Avstraliyada qolmoqda, ammo ularning joylashuvi oshkor etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron davlat televideniyesi yangiliklar boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy mamlakat ayollar futbol terma jamoasini Osiyo kubogi o‘yinidan oldin davlat madhiyasini kuylamagani uchun “xiyonat”da ayblagandi. Shundan so‘ng hatto, futbolchilarga mamlakatga qaytgan taqdirda o‘lim tahdidlari bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Avstraliya OFK

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing