Eron AQSHni sulhni buzishda ayblab, Amerika kemalariga hujum qildi
Olam
−
20 aprel 8078 2 daqiqa
Eron AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan Eron bayrog‘i ostida suzayotgan kemaga qilingan hujumni sulh shartlarining buzilishi deb baholadi. Bunga javoban, Eron Qurolli kuchlari dronlar yordamida AQSHning bir nechta harbiy kemalariga zarba berdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Mamlakat Qurolli kuchlari – “Xotam al-Anbiyo” markaziy shtabi vakilining bayonotida aytilishicha, AQSH sulhni buzib, dengiz qaroqchiligi harakatini sodir etgan va Ummon qo‘ltig‘i suvlarida Eron savdo kemalaridan biriga hujum qilgan. Oqibatda kema navigatsiya tizimi ishdan chiqarilgan hamda unga AQSH dengiz piyodalari tushirilgan.
Eron tomoni AQSH armiyasining “dengiz qaroqchiligi va qurolli hujumi”ga tez orada javob qaytarilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, bayonotda hujumga uchragan “Touska” konteyner kemasi Xitoydan Eronga yo‘l olgani qayd etilgan.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bayrog‘i ostida harakatlangan yuk kemasiga AQSH raketa esminetsi tomonidan zarba berilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kema ekipaji buyruqqa bo‘ysunmagach, harbiy kema uning dvigatel bo‘limiga zarba berib, jiddiy shikast yetkazgan.
Keyinchalik CENTCOM voqea tafsilotlarini ma’lum qilgan. AQSH harbiylari Eron kemasi ekipajini olti soat davomida blokadani buzayotganidan ogohlantirganini bildirgan. Shundan so‘ng ekipajga dvigatel bo‘limini tark etish buyurilgan va esminets 5 dyuymli MK 45 to‘pidan zarba berib, kemaning harakat tizimini ishdan chiqargan. Shundan keyin AQSH dengiz piyodalari “Touska”ning bortiga chiqqan.
AQSH 13 apreldan boshlab Hormuz bo‘g‘ozida blokada joriy etgan. Xabarda ta’kidlanishicha, amerikalik harbiylar Eron portlariga kirayotgan va u yerdan chiqayotgan kemalar yo‘lini to‘smoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 aprel kuni Eron AQSH tomonidan davom etayotgan dengiz blokadasi sabab Hormuz bo‘g‘ozi yana yopilganini ma’lum qilgandi. Tehronning ta’kidlashicha, Eron ilgari erishilgan kelishuvlarga amal qilgan holda va halol yondashuv asosida Hormuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan miqdordagi neft va savdo kemalarining nazorat ostida o‘tishiga ruxsat bergan. Biroq AQSH yana “xiyonatkorlik” ko‘rsatib, blokada niqobi ostida dengizdagi noqonuniy harakatlarni davom ettirmoqda.
Live
Barchasi