Eron boyitilgan uranni AQSHga bermaydi – Bag‘oiy

Olam

image

Eron o‘zining boyitilgan uranini AQSHga topshirish masalasini hech qachon muhokama qilmagan. Bu haqda kecha, 17 aprel kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy televideniye orqali qilgan chiqishida so‘z ochdi.

U bunday variant ko‘rib chiqilmayotganini ta’kidlagan. 

“Boyitilgan uran biz uchun Eron tuprog‘i kabi muqaddasdir va u hech qayerga, hech qanday sharoitda topshirilmaydi”, deydi Bag‘oiy.

Shu tariqa, u AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bombardimonlar paytida zarar ko‘rgan Isfahon, Natanz va Fordo ob’ektlaridagi boyitilgan uranni amerikaliklarga topshirishga rozi bo‘lgani haqidagi iddaosini rad etdi. Oq uy rahbari materiallarni vayronalar ostidan ekskavatorlar bilan qazib olib, AQSHga olib chiqib ketishini, buning evaziga esa Tehron “hech qanday pul olmasligini” aytgan edi.

Bag‘oiy, shuningdek, OAVda Eronning uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligi haqidagi xabarlar muzokarachilarga nisbatan “media-bosimning bir qismi” ekanini, biroq Tehron bu masalada o‘z tamoyillariga amal qilishda davom etishini ta’kidlagan.

Aprel oyi boshida AQSH Eronga urushni tugatish bo‘yicha 15 banddan iborat rejani taqdim etgandi. U Natanz, Isfahon va Fordodagi yadroviy ob’ektlarni demontaj qilishni, shuningdek, 60 foizgacha boyitilgan taxminan 450 kg uranni Xalqaro atom energiyasi agentligiga topshirishni o‘z ichiga olgan. Xuddi shu takliflar 12 aprel kuni Pokistonda ikki davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda ham muhokama qilingan.

Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qilgan vitse-prezident Jey Di Vens Shtatlar Eronda qolgan uranni qo‘lga kiritish niyatida ekanini qayd etgan. “The New York Times” manbalariga ko‘ra, Vashington uranni boyitishga 20 yillik moratoriy talab qilgan, biroq Tehron faqat besh yillik cheklovga rozi bo‘lgan. Eronning boshqa shartlari sanksiyalarni bekor qilish va urush yetkazgan zarar uchun tovon to‘lashdan iborat edi.

Hozirda ikki davlat o‘rtasida 22 aprelgacha davom etadigan sulh amal qilmoqda. Yangi raund muzokaralari sanasi hozircha belgilanmagan. “The Wall Street Journal” nashrining AQSH ma’muriyatidagi manbalariga ko‘ra, u 20 aprel kuni Pokistonda bo‘lib o‘tishi mumkin. Shu bilan birga, Tramp agar sulh tugagunga qadar tomonlar kelishuvga erishmasa, Eronni “yana bombardimon qilishni boshlashiga to‘g‘ri kelishi” haqida ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron boyitilgan uran

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing