Eron Isroil uchun josuslik qilgan erkakni qatl etdi
Olam
−
08:41 1902 2 daqiqa
Kecha, 28 yanvar kuni Eron Isroilning Mossad razvedka xizmati foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan erkakni qatl etdi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.
Ushbu shaxs 2025 yilning aprel oyida hibsga olingan bo‘lib, Isroil foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan. Shuningdek, u Isroilga Eronning raketa ob’ektlarida diversiyalar uyushtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan uskunalarni xarid qilganlikda gumon qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u portlovchi moddalar o‘rnatilgan avtomobillarda harakatlangan.
7 yanvar kuni ham Eronda Mossadga ma’lumot uzatganlikda ayblangan yana bir erkak qatl etilgan edi. Agentlikning qayd etishicha, Eron uzoq yillardan beri Isroilni yadro ob’ektlariga qarshi diversiyalar uyushtirishda hamda eronlik olimlarni o‘ldirishda ayblab keladi.
2025 yilning dekabr oyida Eronda iqtisodiy vaziyatdan norozilik sababli keng ko‘lamli namoyishlar boshlangan, tartibsizliklar davomida taxminan ikki ming kishi halok bo‘lgan. Eron rasmiylari ushbu noroziliklarni AQSH va Isroil bilan bog‘lagan.
Namoyishlar qat’iy bostirilgan fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga yirik harbiy zarba berish va davlat yaqiniga qo‘shin joylashtirish bilan tahdid qilgan. 16 yanvar kuni Tramp bunday rejadan voz kechganini va bunga 800 nafar mahkumning qatl etilishi bekor qilingani sabab bo‘lganini aytgan edi.
28 yanvardagi qatl ana shu qarordan keyingi birinchi holat bo‘lgan.
2025 yil iyun oyida Eron rasmiylari josuslikda ayblangan uch kishini qatl etgan, ular diversiya uchun mo‘ljallangan uskunalarni spirtli ichimliklar ko‘rinishida olib kirishga uringanlikda ayblangan edi. 22 iyun kuni esa Isroil foydasiga maxfiy ma’lumotlar, jumladan ayrim shaxslar haqidagi ma’lumotlarni uzatganlikda gumon qilingan yana bir erkak qatl etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 2025 yilda dunyo bo‘ylab qatl etishlar soni keskin oshganini qayd etgandi. Statistikaga ko‘ra, Eron 2025 yilda kamida 1500 kishini qatl etgan bo‘lib, ularning 47 foizi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolangan.