Eron yana Hormuz bo‘g‘ozini yopishini e’lon qildi
Olam
−
20 iyun 5609 2 daqiqa
Eron Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun yopishini e’lon qildi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) “Xatam al-Anbiyo” markaziy shtabi bayonotiga tayanib, “Fars” xabar berdi.
Qayd etilishicha, shtab ushbu qarorni Qo‘shma Shtatlar tomonidan urushni yakunlash to‘g‘risidagi memorandumning birinchi bandi ochiqchasiga va namoyishkorona buzilgani bilan izohlagan. Bundan tashqari, Tehron Isroil tomonidan Livan janubida o‘t ochishni to‘xtatish rejimining uzluksiz buzilayotganini, buning oqibatida “mintaqaning yuz minglab aholisi halok bo‘layotgani va qochqinga aylanayotganini”, shuningdek, Isroil qo‘shinlari Livan hududi janubini hanuzgacha tark etmaganini ko‘rsatib o‘tgan.
“Hormuz bo‘g‘ozi kemalar o‘tishi uchun yopiladi”, deyiladi shtab bayonotida.
Ushbu qaror strategik bo‘g‘oz orqali amalga oshiriladigan har qanday turdagi kemalar qatnoviga tegishli. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining aniqlik kiritishicha, bo‘g‘ozning yopilishi – raqib tomonidan majburiyatlarning buzilishiga berilgan javobning faqatgina birinchi qadamidir. Agar “tajovuz davom etadigan bo‘lsa”, Eron harbiylari AQSHni o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishga majbur qilish uchun keyingi choralarni rejalashtiradi va amalga oshiradi.
Eron TIV rasmiy vakili Tehron o‘z majburiyatlarini bajarganini, AQSH esa Isroilni Livanga hujumlarini to‘xtatishga majbur qilishi kerakligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar qarshi tomon majburiyatlarining hatto bir qismi bajarilmasa, butun memorandum xavf ostida qoladi, shu sababli kelishuv bo‘yicha sheriklar imkon qadar tezroq zarur choralarni ko‘rishlari lozim. TIV vakili Eron majburiyatlarni ular bajarilmasligi uchun imzolamaganini va Tehron “majburiyatga javoban majburiyat” tamoyili asosida harakat qilishini alohida ta’kidladi — agar boshqa tomon o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, Eron bunga o‘z choralari bilan javob qaytaradi.
Shu bilan birga, Eron delegatsiyasi qarshi tomondan o‘z majburiyatlarini bajarishni talab qilish uchun Shveysariyaga jo‘nab ketadi. Bundan ikki kun avval AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Hormuz bo‘g‘ozi blokdan chiqarilgani va Eron kemalarining undan erkin o‘tishi haqida e’lon qilgan edi. O‘shanda yirik kema egalari oxirgi 110 kun ichida ilk bor bo‘g‘oz orqali kemalarni o‘tkaza boshlashgan edi.
Live
Barchasi