Hormuz yopilmaydi, ammo to‘lovlar joriy etiladi – Eron elchisi
Olam
−
08 iyun 917 2 daqiqa
Hormuz bo‘g‘ozi ochiq qoladi, ammo undan foydalanishning yangi shartlari Eron va Ummon tomonidan belgilanadi, jumladan, tranzit to‘lovlari ham joriy etiladi. Bu haqda Eronning Moskvadagi elchisi ma’lum qildi.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish hajmini keskin qisqartirdi. Mazkur mojarodan avval dunyo neftining taxminan beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali tashilar edi. So‘nggi vaqtlarda bir nechta tanker Fors ko‘rfazini tark etishga muvaffaq bo‘ldi, ammo neft va suyultirilgan tabiiy gaz oqimi hanuz jiddiy darajada cheklanganligicha qolmoqda.
“Albatta, bu bo‘g‘oz ochiq bo‘ladi, ammo Eron va Ummon hokimiyatlari tomonidan belgilanadigan yangi shartlar asosida faoliyat yuritadi” degan Eronning Moskvadagi elchisi Kozim Jaloliy bugun, 8 iyun kuni Rossiyaning “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan tranzit harakatlari uchun haq olinadi. Biroq Jaloliy bu to‘lovlarning aniq miqdori yoki tartibi haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
“Biz yaxshi tushunamizki, Eron va Ummon ushbu bo‘g‘oz bilan bog‘liq muayyan xizmatlarni taqdim etadi. Shu xizmatlar uchun haq undiriladi” deb ta’kidlagan elchi.
Eron tomonining ta’kidlashicha, doimiy tinchlik kelishuvi unga Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov talab qilish huquqini berishi kerak. Bu to‘lovlar kema turi, uning yuki va mavjud sharoitlarga qarab o‘zgarib turadi.
Malumotlarga ko‘ra, bu pozitsiya AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan keskin rad etilmoqda. May oyi oxirida AQSH Ummonni Eron bilan birgalikda bo‘g‘ozdan o‘tish uchun boj yoki to‘lov joriy etishga qaratilgan har qanday tashabbusda ishtirok etmaslik haqida ogohlantirgan edi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent esa, Ummonning Vashingtondagi elchisi unga bunday to‘lovlarni joriy etish rejasi mavjud emasligini ma’lum qilganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Isroil mamlakat g‘arbi va markazidagi Eron harbiy nishonlariga zarba berganini ma’lum qilgandi.
Urushdan avval neft ehtiyojining taxminan 95 foizini Yaqin Sharqdan import qilgan Yaponiya bilan bog‘liq bir neft tankeri esa, may oyida mazkur suv yo‘lidan o‘tganida hech qanday to‘lov to‘lamaganini ma’lum qilgan.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun