Eronda harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 12 ga tushirildi – OAV
Olam
−
28 mart 7959 2 daqiqa
Eron xavfsizlik kuchlari Tehrondagi nazorat-o‘tkazish punktlarini qo‘riqlash va boshqa vazifalar uchun 12 yoshdan boshlab bolalarni safarbar qilmoqda. Bu haqda “Alarabiya English” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, urush boshlanganidan keyin Tehron bo‘ylab blokpostlar paydo bo‘lgan va ularning ayrimlarida avtomat ko‘targan o‘smirlar navbatchilik qilmoqda. Bunga Eron rasmiylari poytaxtda xavfsizlik kuchlari safiga qo‘shilishni istovchilarni ro‘yxatga olish maqsadida boshlagan “Eron uchun” kampaniyasi sabab bo‘lgan. Yangi chaqiriluvchilar uchun minimal yosh 12 yoshgacha tushirilgan.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) Tehrondagi vakili Rahim Nadali davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, 12 yoshdan oshgan shaxslar IIQK va “Basij” ko‘ngilli yoshlar qo‘shiniga “global bezori” (AQSH nazarda tutilmoqda) ga qarshi turishda yordam berish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkinligini ochiqchasiga ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazifalar qatoriga “xavfsizlik masalalari bo‘yicha ma’lumot to‘plash va tezkor patrullik qilish”, shuningdek, shaharda tungi avtokarvonlarni tashkil etish kiradi.
“Shahar bo‘ylab siz ko‘rib turgan nazorat-o‘tkazish punktlari va “Basij” patrullarida ishtirok etishni xohlovchi yoshlar va o‘smirlar soni juda ko‘p edi. Ko‘ngillilarning yoshini hisobga olib, biz minimal yoshni 12 yoshga tushirdik, chunki 12-13 yoshli bolalar ham hissa qo‘shishni istamoqda”, deydi u.
Tehron aholisi AFP agentligi jurnalistlariga AQSH va Isroil bilan urush boshlanganidan beri shaharda qurollangan yoshlarni ko‘rayotganlarini aytgan.
“Og‘ir qurollar o‘rnatilgan harbiy pikaplar yo‘llarni to‘sib, avtomobillarni ko‘zdan kechirmoqda. Bir joydan o‘tasiz, atigi 100 metr oldinda esa “Uzi” avtomatlari bilan qurollangan o‘smirlar bo‘lgan bir nechta xususiy mashinalar yana avtomobillarni to‘xtatmoqda”, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Shuningdek, u biror joyga raketa tushsa, hudud zudlik bilan o‘rab olinishini qo‘shimcha qilgan. O‘z navbatida, Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan o‘smirlar qayerda turish kerakligi haqida buyruq berib, muntazam ravishda havoga ogohlantiruvchi o‘q uzmoqda.
Poytaxtning boshqa bir turg‘uni esa tunlari rejim tarafdorlari “karnaylar bilan jihozlangan mashinalarga bayroqlar ilib, ko‘chalarda shovqinli yurishlar o‘tkazishi va shiorlar hayqirishi” haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron qo‘llab-quvvatlaydigan yamanlik husiylar ballistik raketalar yordamida Isroil ob’ektlariga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel