Eronga qarshi urushda qancha AQSH askari halok bo‘lgani aytildi
Olam
−
14 mart 7923 1 daqiqa
AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi boshlanganidan beri Yaqin Sharqda kamida 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Bu haqda amerikalik mulozimga tayanib, “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘n nafar harbiy xizmatchi og‘ir yaralangan. Yana 200 ga yaqini yengil jarohat olgan bo‘lib, ulardan 170 nafari allaqachon xizmatga qaytgan.
Bungacha Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Iroq Kurdistonining Erbil shahri yaqinidagi harbiy bazaga Eron tomonidan uyushtirilgan hujum paytida bir nafar fransuz harbiysi halok bo‘lganini ham ma’lum qilgan.
Shuningdek, 8 mart kuni Isroil ham Livan janubida ikki nafar askari halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil Mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, bular “Hizbulloh” bilan jangovar harakatlar qayta tiklanganidan beri harbiylar orasidagi ilk qurbonlar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari oqibatida 400 nafardan ortiq ayol va 18 yoshga to‘lmagan shaxslar qurbon bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniyning so‘zlariga ko‘ra, hujum qurbonlarining umumiy soni 1300 kishidan oshgan, biroq bu ma’lumotlar 7 martdan beri yangilanmagan. 10 mart holatiga ko‘ra, Eronda jarohatlanganlar soni 15 ming kishidan ortiqni tashkil etgan.