Ersin Tatar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonni ogohlantirdi
Olam
−
16 aprel 2025 47436 5 daqiqa
Turkiyadan boshqa davlatlar tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan ba’zi davlatlarning Yevropa Ittifoqi bilan tuzgan kelishuvlari normal ekanini, har bir davlat boshqa davlat yoki uyushmalar bilan o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib munosabat o‘rnatishini aytdi. U bu haqda kecha, 15 aprel kuni Turkiya sayohat agentliklari uyushmasi vitse-prezidenti Davut Gyunaydin boshchiligidagi delegatsiyani prezidentlik qarorgohida qabul qilish jarayonida so‘z ochgan.
Uchrashuvda jurnalistlarning savollariga javob bergan Ersin Tatar joriy yilning 3-4 aprel kuni Samarqandda o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti deklaratsiyasida tomonlar Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va hamkorlik qilmaslik bo‘yicha kelishuvga imzo chekkaniga e’tibor qaratgan, deb yozmoqda “Anadolu” agentligi.
“Bu holat, ehtimol, ular Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari kontekstida bunday jarayonga kirganlari uchun yuzaga kelgan. Bu normal holat, axir, bu mamlakatlar Yevropa Ittifoqi bilan turli xil loyihalarga ega va xususiy sektor hamda davlat nuqtai nazaridan o‘z manfaatlari va foydalari bor. Ta’kidlanganidek, moliyaviy loyihalar, moliyaviy hissalar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ularni turli tijorat o‘lchovlarida taqdim etishi mumkin bo‘lgan tijorat imkoniyatlari mavjud”, deydi Tatar.
U, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining barcha TDTga a’zo davlatlarga nisbatan sevgi va mehr-muhabbati borligini va o‘z mamlakatining bir xil madaniyat va tilda so‘zlashuvchi davlatlar ittifoqida bo‘lishidan muhimroq narsa bo‘lmasligini bildirdi.
Tatarga ko‘ra, bugungacha Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va TDT doirasidagi boshqa a’zo davlatlar bilan aloqalari rivojlanib bormoqda. Shu vaqtgacha bu mintaqada bunday aloqalarga ega bo‘lmagan Yevropa Ittifoqining esa bugungi kunda ushbu shartnomani tuzishdan asosiy maqsadi 2022 yildan beri TDTga kuzatuvchi sifatida kirgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining yo‘liga to‘g‘onoq bo‘lishdir.
Prezident Ersin Tatar, Kipr bilan bog‘liq Turk tezisining yagona yechimi orada ikki davlat bo‘lishi kerakligini tushuntirib, turkiy davlatlarining yunonlar bilan aloqa o‘rnatganlari kabi Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan ham aloqa o‘rnatishini kutganliklarini ifoda etdi.
Tatar, shuningdek, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning Yevropa Ittifoqi bilan imzolagan so‘nggi kelishuviga BMTning SHKTRni tan olmaslik va hamkorlik qilmaslik bo‘yicha rezolyutsiyasi turkiy davlatlar tomonidan e’tibordan chetdan qoldirilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.
“Bu moddalarning natijasi qayerga olib borishini, kimga va qanday oqibatlarga olib kelishini bilishadimi?", degan savolni ko‘ndalang qo‘ygan Tatar.
Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvning turkiy davlatlar uchun foydali bo‘lishini tilagan prezident Tatar quyidagilarni qo‘shimcha qilgan:
“Turkiy davlatlar Gretsiya tomoni bilan munosabatlarida biroz ehtiyotkor bo‘lishlari kerak. Ular Yevropa Ittifoqi bilan aloqada bo‘lishi mumkin. Yevropa Ittifoqi ittifoqdir, lekin u 800 ming aholisi bo‘lgan yunonlar suvereniteti ostida emas. Turkiy davlatlar ham Kipr yunonlari bilan aloqa o‘rnatishi mumkin, ammo ular ehtiyot bo‘lishlari kerak, chunki Kipr yunonlari o‘ynagan o‘yin butunlay boshqacha. Aslida, greklar o‘ynayotgan o‘yin g‘ayriinsoniydir. Rumlarga Kipr Turk xalqining huquq va qonunlari turkiy davlatlar tomonidan ro‘yxatga olinmaguncha kutishlari aytilishi kerak. “Kelishuv bo‘lganidan keyin yana ko‘rishamiz”, qabilida muomala qilinishi kerak, menimcha”, deydi Tatar.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3-4 aprel kunlari Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.
541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi
Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
Live
Barchasi