Italiyada HAMASni moliyalashtirishda gumonlangan 9 kishi ushlandi

Olam

image

Kecha, 27 dekabr kuni Italiyada joylashgan xayriya tashkilotlari orqali HAMASni moliyalashtirishda gumon qilingan to‘qqiz kishi hibsga olindi. Operatsiya mafiya va terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari tomonidan muvofiqlashtirilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’tirof etilgan HAMASga a’zolik va uni moliyalashtirishda ayblanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar so‘nggi ikki yil davomida gumanitar maqsadlar uchun yig‘ilgan taxminan 7 million yevro (8,24 million dollar) mablag‘ni HAMAS bilan bog‘liq tashkilotlarga yo‘naltirgan. Politsiya 8 million yevrodan ortiq qiymatdagi aktivlarni musodara qilgan.

Tergov shubhali moliyaviy operatsiyalar aniqlangach boshlangan bo‘lib, Yevropa Ittifoqining sud agentligi – Eurojust orqali Niderlandiya va boshqa YeI davlatlari bilan hamkorlikda kengaytirilgan.

Bosh vazir Jorjiya Meloni rasmiylarni “xayriya tashkilotlari deb ataladigan tuzilmalar orqali HAMASni moliyalashtirishni fosh etgan murakkab va muhim operatsiya” uchun olqishlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Meloni hukumatining G‘azodagi urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlashi Italiyada bir necha bor ommaviy ko‘cha noroziliklariga sabab bo‘lgan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroilning G‘azoga hujumlari oqibatida 71 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Ushbu urush 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS boshchiligidagi hujumdan so‘ng boshlangan bo‘lib, Isroil rasmiylari hisobiga ko‘ra, o‘sha hujumda qariyb 1200 kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi yilda G‘azo Tinchlik Kengashi tarkibi e’lon qilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Italiya Tergov HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing