“Falastin ozod bo‘lsin”. Yulduz Usmonovaning AQSHdagi konserti bekor qilindi (video)
Madaniyat-san’at
−
05 may 17115 3 daqiqa
AQSHda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsertiga qarshi kampaniya boshlangani fonida Oceana teatrida joriy yilning 9 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert dasturi bekor qilindi. Bu haqda teatrning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi.
“9 may kuniga belgilangan Yulduz Usmonovaning konserti bekor qilindi. Hurmatli mijozlar, chipta pullari chipta sotib olingan joylarda qaytarib beriladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi e’londa.
Xonanda Yulduz Usmonova ushbu voqealardan so‘ng Instagram’dagi sahifalarida murojaat bilan chiqdi.
“Vatandoshlarimiz, o‘zbeklar, qirg‘izlar va mening muxlislarim, konsertga chipta sotib olganlardan minnatdorman. Barcha chiptalar sotildi, ya’ni “sold out”. Bu meni juda quvontiradi. Lekin aytishadiku, insonning taqdiri oldindan yozilgan bo‘ladi, deb. Biroq siz yahudiylar va sionistlar, meni kechirim so‘raydi deb o‘ylasangiz, adashyapsiz. Men o‘z fikrlarimda qat’iyman”, degan u.
Shuningdek, san’atkor murojaatida Falastin ozod bo‘lishi, Isroil dunyo egasi emasligi haqida so‘z yuritgan.
“Men zulmga qarshiman. Falastin ozod bo‘lsin. Bu ularning yeri. Siz qadimiy xalq bo‘lishingiz mumkin, lekin Isroil – yangi davlat. AQSH esa, Isroil emas. Shuning uchun o‘zingizni hamma narsaning egasidek tutmang. Dunyoning o‘z egasi bor va u sizlar emassiz. Balki banklarni boshqararsiz, boshqa narsalarni ham boshqararsiz, lekin dunyo asta-sekin ko‘zini ochyapti. Biroz kutinglar. Sizlar butun dunyoni o‘zingizga qarshi qilib qo‘ydingiz. Xuddi shunday bizni ham qarshi qilmoqchisizlar. Yana bir bor o‘zingizni qanday ekaningizni ko‘rsatdingiz. Chunki sizlar zulm qiluvchilarsiz va hech kim sizlarning zulmingiz ostida yashamaydi”, degan Usmonova.
Shuningdek, Yulduz Usmonova bu voqealar unga faqat obro‘ keltirishini aytgan.
“Sizdan hech kim, hech qachon uzr so‘ramaydi. Biz esa, o‘zini hurmat qiladigan qadimiy xalqmiz. Alhamdulillah, biz musulmonmiz. Dinimizni, millatimizni, o‘zimizga tegishli bo‘lgan qadimiy yurtimizni hurmat qilamiz. Qanchalik norozilik bildirmang, bu menga faqat obro‘ qo‘shadi. Konsertlarda, albatta, ko‘rishamiz, bu safar bo‘lmasa, keyingi safar. Men insoniyat uchun kuylayman. Adolat esa, baribir g‘alaba qiladi”, deya so‘zini yakunlagan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yulduz Usmonovaning konsertiga qarshi kampaniya o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Unda mahalliy siyosatchilar, jumladan, Nassau okrugi rahbari va shtat gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman, shuningdek, Nyu-York shtati Assambleyasi a’zolari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasniy tanqid bilan chiqish qilgan. Kampaniya tashabbuskorlari xonandani antisemitik ruhdagi bayonotlarda ayblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yulduz Usmonovaga ushbu bayonotlarni ommaviy ravishda rad etish va uzr so‘rash taklif qilingan, biroq u buni rad etgan. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga san’atkorga berilgan vizani bekor qilish to‘g‘risida murojaat yuborilgan.
Live
Barchasi