Eron AQSHga yadroviy qurol ishlab chiqish bilan tahdid qildi

Olam

image

Eron hukumati agar AQSH tomonidan harbiy zarbalar qayta tiklansa, uranni qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik ko‘rsatkichgacha boyitish bilan tahdid qildi. Bu haqda Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy dasturni qurollanish darajasiga ko‘tarish masalasi tez orada parlamentda muhokama qilinadi.

Bunday keskin bayonotlar AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron tomonidan ilgari surilgan so‘nggi tinchlik taklifini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb rad etganidan so‘ng yangray boshladi. Tramp hozirgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining istiqbolini juda past baholab, sulhning saqlanib qolish imkoniyati bor-yo‘g‘i “bir foiz” ekanini ta’kidlagandi.

Ayni paytda yadroviy zaxiralar masalasi muzokaralardagi eng asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron ixtiyorida 400 kilogrammdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uran mavjud. Vashington ushbu zaxiralarni zudlik bilan mamlakatdan olib chiqilishi yoki boyitish jarayoni kamida 20 yilga to‘xtatilishini talab qilgan.

AQSH rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tehron mavjud xomashyoni bor-yo‘g‘i ikki hafta ichida qurol darajasiga keltirishi va bu zaxira 11 ta yadroviy jangovar kallak yaratish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham masalaga qat’iy munosabat bildirib, Eronning yadroviy salohiyati to‘liq yo‘q qilinmaguncha urushni tugagan deb hisoblab bo‘lmasligini aytgan. Shu bilan birga, mintaqada psixologik bosim ham kuchaygan. Isroil OAVlari mahalliy fuqarolarning telefonlariga Eron nomidan tahdidli xabarlar kelayotgani, unda tungi osmonda quyoshni ko‘rasiz, deya yaqinlashib kelayotgan raketa hujumlariga ishora qilinayotgani haqida yozmoqda.

Pokiston vositachiligida o‘rnatilgan va 8 apreldan buyon amal qilayotgan vaqtinchalik tinchlik holati hozirda jiddiy xavf ostida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida bir oydan beri amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi “sun’iy nafas berish” holatida ekanini bildirgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Eron yadroviy qurol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing