Farg‘onada Angliyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
27 iyun 3532 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida fuqarolarni Angliyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan pul olgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “E.V.” MCHJ rahbari J.R. fuqaro N.N. ning ishonchiga kirib, uni Angliya davlatiga ishga yuborishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga 1 900 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida MCHJ rahbari J.R. 7 nafar fuqaroni chet davlatga ishga yuborishi evaziga jami 10 500 AQSH dollarini qo‘lga kiritgani aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 114,2 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax shahrida Meksika davlati orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangandi.