FIFA Erondagi voqealar fonida Jahon chempionatining taqdiri haqida bayonot berdi
Sport
−
02 mart 3060 2 daqiqa
FIFA bosh kotibi Mattias Grafstrem tashkilot 2026 yilgi Jahon chempionati doirasida Eron, Isroil va Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u ESPN nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Final turniriga qur’a tashlash marosimi Vashingtonda bo‘lib o‘tdi, unda barcha jamoalar ishtirok etdi. Endi bizning asosiy vazifamiz – barcha terma jamoalar qatnashadigan Jahon chempionatini xavfsiz va yuqori saviyada o‘tkazishni ta’minlash”, deydi Mattias Grafstrem.
Joriy yilning 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
2026 yilgi FIFA Jahon chempionati musobaqaning 23-turniri bo‘ladi. Final bosqichi 2026 yil iyun-iyul oylarida AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Hal qiluvchi uchrashuv 19 iyulga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu voqealardan so‘ng Eron Futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj Eron terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi